Bayden iqlim o'zgarishi, energetika bo’yicha farmonlar imzoladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Jo Bayden neft, gaz va ko’mir chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan farmonlar imzoladi. Iqlim o’zgarishiga qarshi global kurashga AQSh yana yetakchilik qiladi, deydi u.

AQSh Fazo agentligi NASA ma’lumotiga ko’ra, sayyorada harorat ko’tarilib boryapti. 2020-yil 2016 qatorida eng issiq yil deya qayd etilmoqda.

Neft, gaz va ko’mir chiqindisini kamaytirishni maqsad qilgan AQSh rahbari Jo Baydenning ta’kidlashicha, ekologik inqirozga qarshi choralarni kechiktirib bo’lmaydi.

Buni ham ko'ring 2020-yilda global harorat o'sishda davom etdi

“COVID-19 pandemiyasini jilovlash uchun qanday harakat qilayotgan bo’lsak, iqlim o’zgarishi bo’yicha ham xuddi shunday shoshilinch choralar ko’rishimiz, dunyoga yetakchilik qilishimiz shart”, - deydi Bayden.

Imzolangan farmonlarga ko’ra, federal yerlarni neft va gaz kompaniyalariga ijaraga berish to’xtatiladi, bu sanoatga beriladigan subsidiyalar kesiladi, 2030-yilgacha yer va suvlarning 30 foizi himoya ostiga olinadi, hukumat butunlay elektr avtomobillarga o’tadi.

Prezidentligining birinchi kunida Bayden AQSh iqlim bo’yicha Parij bitimiga qayta qo’shilishini ham ta’kidlagan. Sobiq prezident Tramp uni 2017-yilda tark etgan edi.

“Parij bitimining o’zi yetarli emas. Global miqyosda zararli gazlarning qariyb 90 foizi boshqa davlatlar hissasiga to’g’ri keladi. Biz nolga tushirsak ham muammo hal bo’lmaydi”, - deydi iqlim va ekologiya bo’yicha maxsus elchi Jon Kerri.

Bayden ma’muriyatining bildirishicha, razvedka idoralari iqlim o’zgarishining davlat xavfsizligi uchun oqibatlarini ham o’rganib chiqadi. Xavfsizlik va tashqi siyosatga doir qarorlar qabul qilinayotganda ushbu omil inobatga olinadi.

Buni ham ko'ring O'rmonlarni kengaytirish - global isishga qarshi kurashning tabiiy yo'li

“Bu tashabbuslarga qarshilik bo’lishi tayin. Yangi prezident qarshilikka dosh berib, rejalarini amalga oshira oladimi? Ham AQShdagi, ham xorijdagi tabiatparvar guruhlar bilan qanday ish boriladi? Kuzatamiz”, - deydi Vitvotersrand universiteti professori Vishvas Satgar.

Iqlimga oid reja, deydi rasmiylar, yashil sanoatda yangi ish o’rinlari yaratib, iqtisodiy tiklanishga yordam beradi. G’arbiy Virjiniya ko’mirchilar uyushmasi rahbari Kris Hamilton fikricha esa bunday gaplar kulgili.

“Ko’mirchilik sohasida ishlayotganlarni yangi ishga o’rgatish uchun bir dunyo pul ketadi. Bu o’zgarishlarning turgan-bitgani xarajat”, - deydi Hamilton.

Bayden rejasida ekologik adolat degan tushuncha ham bor. Bu degani, tabiiy ofatlar, iflos havo va iqlim o’zgarishining boshqa ta’sirlaridan eng ko’p aziyat chekayotgan shahar va qishloqlarga ko’proq sarmoya yo’naltiriladi.