AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Afg’onistonda prezident Hamid Karzay bilan muzokara olib bordi. Tomonlar Tolibon bilan murosaga erishish va xavfsizlikni ta'minlash xususida gaplashdi.
Toliblar tinchlik yo’lini tanlashi shart, deydi Xillari Klinton.
Kobuldagi matbuot anjumanida so’zlar ekan, Klinton “Afg’oniston kelajagida Pokiston muhim rol o’ynaydi”, - dedi.
"Uch davlat birgalikda ishlashi kerak”, - dedi Amerika bosh diplomati.
"Jangarilar nafaqat Afg’oniston va Pokiston, balki butun dunyo xavfsizligiga tahdiddir”, - deydi Xillari Klinton.
Hamid Karzay asosiy e’tibor chegara hududlarida deydi.
Tolibon, Haqqoniy to’dasi va al-Qoidaga qarshi kurashda aynan Pokiston yo’lboshchi bo’lishi kerak. Amerika bosh diplomati, Markaziy Razvedka Agentligi direktori Deyvid Petreus va bosh harbiy, general Martin Dempsi bugun Islomobodga borib, Pokiston rahbariyati bilan muloqot qiladi. Undan keyin esa Klinton xonim Tojikiston va O'zbekistonda kutilmoqda. Dushanbe va Toshkentdagi uchrashuvlarda ham asosan Afg'oniston haqida gap ketadi.
Xillari Klinton Kobulda ayollar va siyosatchilar bilan ko’rishdi. Ularning xohish, talablariga quloq tutdi. AQSh elchixonasida Klinton xonim marhum prezident Burhoniddin Rabboniyning o’g’li Salohiddin Rabboniy bilan gaplashdi. Tolibon bilan murosa izlagan Rabboniy kuz boshida jangarilar qo’lidan o’lgan edi.
Amerika va Afg’oniston Pokistonni jangarilar bilan hamkorlikda ayblab keladi. Rasmiy Islomobod buni inkor etadi.
Pokiston generali Ashfaq Kiyaniy fikricha, AQSh avvalo Afg’onistonda ishni eplashi kerak.
“Shimoliy Vaziristonda harbiy amaliyot o’tkazish-o’tkazmaslik - bizning ishimiz. Hamma muammolar yechimi shunda bo’lganida, hujumlarni ertagayoq boshlagan bo’lardik”, - deydi Kiyaniy.
Bugun Afg’oniston bilan chegarada Pokiston kuchlari besh jangarini yo’q qilgan. Ikki zobit o’lgan.