Xillari Klinton Dushanbeda, Afg’oniston - asosiy mavzu

Xillari Klintonni Dushanbe aeroportida Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy kutib oldi

AQSh bosh diplomati prezident Emomali Rahmon va boshqa rasmiylar bilan Afg’onistondagi vaziyat, 2014-yilda yakuniga yetayotgan urush va bu boradagi hamkorlik borasida gaplashadi.

Xillari Klinton boshchiligidagi katta delegatsiya kecha Pokistonda bo’lib, bu davlatga qattiq ogohlantirish bergan: Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlashda yordam bering, o’z hududingizda o’rnashib olgan jangari makonlarini yo’q qiling, chegarani mahkamlang.

Pokiston razvedkasi Tolibonga aloqador Haqqoniy guruhi bilan hamkorlik qilayotgani haqidagi da’volar sabab so’nggi payt Islomobod bilan aloqalar tarang. Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya qo’shinlariga yuk yetkazishda Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo respublikalarga tobora ko’proq tayanmoqda.

Tojikistonning AQShdagi elchisi Abdujabbor Shirinov deydiki, Afg’oniston tinchligi – mintaqa tinchligi degani.

“Terrorizm va narkotraffikka qarshi kurashda biz Amerika bilan yelkama-yelka turib hamkorlik qilayapmiz va uni kengaytirishga tayyormiz”, - deydi elchi.

Xillari Klintonning Dushanbedagi uchrashuvlarida aynan shu haqda gap ketadi. AQSh bosh diplomati prezident Emomali Rahmon bilan so’nggi bor o’tgan yili Qozog’istonda ko’rishgan edi.

NATO samolyotlari

Tojikiston – Afg’onistonga noharbiy yuk yetkazuvchi Shimoliy Ta’minot Tizimining bir qismi. O’z hududi orqali harbiy parvozlarga ruxsat bergan.

Mamadamin Mamadaminov, Tojikiston Mehnat va Ijtimoiy himoya vaziri boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Vashingtonda mehmon.

Vazirdan Klintonning safari haqida so’raganimizda, “har ikki mamlakat manfaatiga xizmat qiluvchi, ayniqsa Afg’oniston tinchligi bilan bog’liq masalalar muhokamada bo’ladi”, deya qisqagina javob qildi.

2014-yilda AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistonni tark eta boshlagach, bu mamlakat yana fuqaro urushi girdobiga tortiladi, degan xavotir bor. Tolibon bilan tinchlik muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qolgani, afg’on sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy o’ldirilgani bu taxminlarni tasdiqlab turganday.

Vashington nazarida, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot bo’lmas ekan, tinchlik haqidagi gaplar behuda. AQSh olg’a surayotgan strategiya - Janubiy va Markaziy Osiyoni bog’lovchi yangi savdo yo’llari barpo etish, savdo-sotiqni rivojlantirish va bu jarayonga Afg’onistonga qo’shni respublikalarni jalb etish. Ya’ni, regional integratsiya haqida gap ketmoqda.

AQSh moliyasi bilan Tojikiston va Afg'oniston orasidagi besh ko'prik ochilgan

Tojikiston Mehnat vaziri Mamadamin Mamadaminov so’nggi besh yilda AQSh sarmoyasi bilan Afg’oniston tomon besh ko’prik yotqizilganini qayd etadi.

“Tojikistonlik shifokor, muallim va muhandislar, turli kasb egalari Afg’onistonda ishlayapti. Chegara osha savdo avjida. Huquq-tartibot idoralari tajriba almashyapti. Elektr energiyasi ta’minotida ham katta ko’mak ko’rsatyapmiz”, - deydi Mamadaminov.

Regional integratsiya deganda Tojikiston-O’zbekiston o’rtasida suv taqsimoti bois yuzaga kelgan tortishuvni tilga olmasdan iloj yo’q. Gidroenergetik potensialini ishga solib iqtisodiyotini ko’tarishga ahd qilgan Tojikiston Rog’un GESini qurayotgani rasmiy Toshkent tomonidan keskin tanqid qilingan.

O’zbekiston rahbariyatining pozitsiyasi shuki, 30-40 yil ondingi loyihalar asosida, seysmik jihatdan aktiv hududda yirik to’g’onlar barpo etish misli ko’rilmagan ekologik fojiaga olib keladi. Rasmiy Dushanbe bu xulosaga qo’shilmaydi.

Rog'un GESi loyihasi - mojaroli masala

“O’zbekiston bilan bugungi munosabatlarimizni a’lo deb bo’lmaydi”, - deya tan oladi Tojikistonning AQShdagi elchisi Abdujabbor Shirinov.

“Muammo mintaqaning gidro-energetik resurslaridan qanday foydalanishga borib taqaladi. Buni hal etishda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar yordamidan umidvormiz. Qo’shni davlat bilan albatta til topishamiz. Bundan boshqa yo’l yo’q”, - deydi diplomat.

Rog’un GES qurilishini ekspertizadan o’tkazish taklifini Jahon Banki qabul qilgan, ammo uning xulosalariga O’zbekiston va Tojikiston qanday munosabat bildirishi noma’lum.