O’z dinini qadrlaydigan, ammo yangi g’oyalarga ham ochiq yoshlar

  • Amerika Ovozi

O’z dinini qadrlaydigan, ammo yangi g’oyalarga ham ochiq yoshlar

Oliy ma’lumot yoshlarga nafaqat bilim beradi va hunar o’rgatadi, balki ularning dunyoqarashini ham boyitadi, o’zga g’oya va qarashlarni tanishtiradi. Ma’naviyat va e’tiqod aynan universitetda shakllanadi, deydi yoshlarning o’zi.

Amerika kollejlarida yangi g’oyalar ta’siriga berilish oson, ammo ko’pchilik o’z e’tiqodida qat’iy, deydi universitet ma’murlari.

Masalan, hindu talabalar o’z bayramlarini kollejda ham nishonlab, boshqalarga o’z dini va madaniyati haqida ma’lumot beradi. Ko’p guruhlar shunday qilmoqda, deydi Janubiy Kaliforniya universitetida hindu talabalar tashkiloti a’zosi Chandni Raja.

“Shu bahonada universitetdagi boshqa din vakillari bilan uchrashib, muloqot qilamiz. O’z jamoamizni ham shu tariqa to’plab turamiz, tez-tez uchrashamiz”.

O’z dinini qadrlaydigan, ammo yangi g’oyalarga ham ochiq yoshlar

Vashingtondagi Katolik universitetida nasroniy talabalar ham o’z ayyomlarini boshqalar bilan birga nishonlab turadi, masalan musulmonlar bilan. Skoti Maklennan Kaliforniyada joylashgan Stenford universiteti dekani bo’lib, diniy munosabatlar uchun mas’ul.

Uning aytishicha, ana shunday muloqotlar natijasida talabalar o’zga madaniyat va dinlarga hurmat bilan qaraydigan bo’lib qolgan. Umuman, diniy mavzularga qiziqish kuchaygan yoshlar orasida.

Talabalarning ba’zilari o’ta dindor, boshqalarda dinga e’tibor kamroq. Shunga qaramay ko’plar bir-biriga o’z e’tiqodi va madaniyati haqida hikoya qilishni istaydi. Umar Bajva jahonga dong’i ketgan yana bir oliygoh – Yel universitetida musulmon talabalar bilan ishlaydi. Uning aytishicha, studentlar din ahamiyati haqida ko’proq bilishni istaydi.

“Hayotda dinga qiziqish ortayotgan va shu bilan birga dunyoviy hayot uslubi ommaviylashayotgan bir paytda hamma o’rtadagi chegarani, ziddiyatli nuqtalarni hamda muammoni hal qilish yo’llarini bilishni istaydy. Muloqotlarimiz chog’ida mana shu savollarga javob qidiramiz”, - deydi Bajva.

O’z dinini qadrlaydigan, ammo yangi g’oyalarga ham ochiq yoshlar

Sinfdagi muloqot talabalarning dinga bo’lgan munosabatini aniqlab beradi, deydi Stenford universiteti dekanining diniy masalalar bo’yicha yordamchisi, yahudiy peshvo Patritsiya Karlin-Nyuman.

“Shunday muloqot natijasida odam dindan uzoqlashadimi yoki, aksincha, e’tiqodi kuchayadimi, degan savol tug’iladi. Tajribamdan shuni bildimki, inson boshqalar bilan din haqida gaplashganda o’z e’tiqodining qadr-qimmatini yaxshiroq anglab yetadi”.

Dinlararo loyihalar va jamoalararo muloqot Amerika universitetlarida tobora ommaviylashmoqda, deydi Nordvestern universitetida musulmon yetakchi Tohira Ahmad.

“Turli e’tiqodga sig’inuvchi talabalar bunday tadbirlarni birgalikda o’tkazmoqda. Bu bilan ular o’z dinidan chekinayotgani yoki, aksincha, boshqalarga uni o’tkazayotgani yo’q. Shunchaki til topishishga harakat qilishadi. Men musulmon, men nasroniy, men yahudiy, deb. Hamma ham tinchlik va farovonlikka intilib yashaydi”, - deydi Tohira Ahmad.

Universitet qoshida ishlaydigan imomu rohiblarning aytishicha, bunday uchrashuvlar talabalarning o’z dini haqidagi bilimini oshirib, o’zga dinlar haqida ham ma’lumot olishga yordam beradi.