Yangi Kongress AQSh tashqi siyosatini qanchalik o'zgartiradi?

  • Amerika Ovozi

Prezident demokrat, yangi saylangan Kongressda esa ko'pchilik o'rin respublikachilar qo'lida ekan, ba'zi masalalarda tomonlar murosa qilishi kerak bo'ladi.

AQShda ish boshlash arafasida turgan yangi Kongress chet el bilan erkin savdoga qaratilgan bitimlarni yoqlashi kutilmoqda, ammo yangi xalqaro kelishuv va ko'p tomonlama shartnomalarni qo'llab-quvvatlamasligi mumkin.

Bir necha haftadan so'ng 112-Kongress o'z ishini boshlaydi. Shu paytgacha tasdiqlanmagan bitimlar taqdiri bilan yangi saylangan qonunchilar shug'ullanadi. Ayollarga qarshi barcha kamsitish hollariga chek qo'yish, bolalar huquqlari va dengizdagi faoliyat bilan bog'liq BMT konvensiyalari shular jumlasidan.

100 a'zolik Senatda bitimni ratifikatsiya qilish uchun 67 ovoz olish kifoya. Palataning uchdan ikki qismi. Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri so'nggi ikki yilda Senatda ko'pchilikni tashkil etgan demokratlar ham ko'p hollarda bunday natijaga erisha olmagan edi. Noyabrda o'tgan saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzodlar 500 o'rinlik Vakillar Palatasida ko'pchilikni qo'lga kiritdi. Senatda esa buning uchun to'rt o'rin yetmadi.

Vashingtondagi konservativ Xeritij Jamg'armasi tahlilchisi Brett Scheyferning aytishicha, Senatda demokratlar va mo'tadil respublikachilar soni kamayib, konservativ respublikachi qonunchilar ko'paygan.

"Ular kelasi ikki yilda biror shartnomaning imzolanishiga yo'l qo'ymaydi", - deydi Sheyfer.

Shunday hujjatlardan biri Rossiya bilan imzolangan Strategik qurollarni kamaytirish bitimi. Shartnomaning eski ko'rinishi o'tgan yil oxirida bitgan. Yangisini esa Senat haligacha tasdiqlamagan. Saylovlardan so'ng palatada respublikachi senatorlar soni ko'payib, prezident Obamaning vazifasi yanada qiyinlashadi.

Yana bir hujjat BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konvensiyasi. Energetika sohasi bo'yicha mutaxassis Nik Lorisning aytishicha, qonunchilar iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammoni avval obdon o'rganmoqchi, qarama-qarshi fikrga ega olimlarni munozaraga taklif etmoqchi.

Loris nazarida konservativ qonunchilar ko'p tomonlama shartnomalar AQSh qo'lini bog'lab, iqtisodiy taraqqiyotini cheklab qo'yishi mumkinligidan xavotirda.

"192 davlatni o'z ichiga olgan bitimga a'zo bo'lsak, mustaqil ravishda qaror qabul qilish imkoniyatidan mahrum bo'lamiz, deb o'ylashadi", - deydi mutaxassis.

Fikr va qarashlardagi xilma-xilliklarga qaramay, ba'zilar nazarida yangi Kongress va Oq Uy umuman olganda til topishishiga umid bor.

Masalan, deydi Vashingtondagi yana bir tahlil markazi, KATO institutida savdo siyosati bo'yicha mutaxassis Den Aykenson, Kolumbiya, Panama, Janubiy Koreya bilan imzolangan savdo bitimlari bo'yicha.

"Gap asosan erkin savdo haqida ketmoqda. Vyetnam, Peru, Malayziya kabi davlatlar bilan. Respublikachilar bunga yo'q demasligi kerak", - deydi Aykenson.

Yana bir tahlilchi Jeyn Staats fikricha, Oq Uy va Kongress tashqi siyosat, rivojlanayotgan davlatlarda bezgak va VICH kabi yuqumli kasalliklarga qarshi kurash hamda mayda fermerlikni rivojlantirish bobida hamkorlik qilishi mumkin.

Biroq shu bilan birga tashqi yordam va gumanitar dasturlar kesilishi ham ehtimoldan xoli emas.

Prezident Obama yangi Kongress bilan murosa qilishni o'rganar ekan, soliq va ishsizlik bo'yicha imtiyozlar borasida muhim kelishuvga erishilgan.

Prezident Obama respublikachi qonunchilar bilan Jorj Bush prezidentligi davrida joriy etilgan soliq imtiyozlarini yana ikki yilga uzaytirishga kelishib olgan. Buning evaziga muxolifat ishsizlik bo'yicha ikki million amerikalikka berilayotgan yordam pulini 13 oyga cho'zishga ko'ngan.

Demokratlar yiliga bir million dollardan oshiq pul topayotgan fuqarolarni soliqqa solib, o'rta sinf amerikaliklarga kamaytirishni ko'zlagan edi, biroq uzoq tortishuvlardan so'ng respublikachilar soliqlarni barcha toifadagi odamlar uchun qisqartirilishiga erishgan.