Amerikaga bolaligida olib kelingan hujjatsiz muhojirlar taqdiri endi Kongress qo’lida. 2012-yilda Prezident Barak Obamaning farmoni bilan tuzilgan DACA (Deferred Action for Childhood Arrivals) dasturi 800 ming kishini deportatsiyadan himoya qilib, ularga ishlash va armiyada xizmat qilish huquqini bergan edi. Prezident Tramp bu dastur yopilishini e’lon qildi.
Amerikada o’sib-ulg’aygan bu yoshlar so’nggi besh yilda bexavotir hayot kechirayotgan edi. 10 yoshida Filippindan kelgan Akiko hamshiralikka o’qigan.
“Deportatsiyadan qo’rqamiz. Bundan tashqari ijarani vaqtida to’lash, ishlab pul topish kerak”, - deydi u.
Tramp ma’muriyatiga ko’ra, prezident farmoni asosida yaratilgan va har ikki yilda yangilanib turadigan DACAni tugatib, federal qonun qabul qilinishi lozim.
“Bu odamlarga muhabbatim bor. Kongress ularga yordam beradi degan umiddaman”, - deydi prezident.
Qonunchilar ishga shay.
“Vaqt tig’iz. Qo’l qovushtirib o’tirsak, 780 ming odam deportatsiya bilan yuzlashadi. Mana shu sentabr oyining o’zida qonun qabul qilishimiz kerak. Bu yoshlarga imkon beraylik, mamlakat kelajagining bir qismi ular”, - deydi Dik Durbin.
“Amerikaliklarning 70 foizi bu yoshlarga imkoniyat berish tarafdori. Ular shu yerda qolishi kerak. Ishlaydi, davlat rivojiga hissa qo’shadi”, - deydi Linzi Grem.
Ikki senator quvvatlayotgan qonun loyihasiga ko’ra, DACA dasturiga yozilgan yoshlar muayyan shartlarga javob bera olsa, AQShda qolishi va keyinchalik fuqarolikka topshirishi mumkin. Ovoz beraylik, deydi qonunchilar.
“Biz tayyormiz. Loyihani ovozga qo’ysak, aminmanki, har ikki partiya uni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi senator Chak Shumer.
Ammo yetakchi respublikachilar qo’yayotgan shart: avvalo chegara xavfsizligi mustahkamlanishi kerak.
“Chegarada nazorat yo’q. Hujjatsiz muhojirlar bilan bog’liq masalani hal qilamiz. Chegarani ham mustahkamlaymiz, toki 10 yildan so’ng yana shu vaziyatga tushmaylik”, - deydi spiker Pol Rayan.
Demokratlar qonunlar ijrosini kuchaytirishga qarshi emas, lekin ular fikricha AQSh-Meksika chegarasida devor qurishga hojat yo’q. Muzokaralar uzoqqa cho’zilsa, minglab muhojir chorasiz qoladi.
Prezident Tramp hujjatsizlar masalasini bir yoqlama qilish uchun Kongressga olti oy muhlat berdi.