Hujumlar ketidan Kongress omma uchun yopilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilik organi Kapitoliyga navbatdagi qonli hujum ketidan xavfsizlik choralari qayta ko’rib chiqilmoqda. Rasmiylar murakkab qarorlar bilan yuzlashmoqda: demokratiya timsolini qanday qilib jamoatchilik uchun ochiq saqlab, himoyasini ham ta’minlash mumkin?

Kongress joylashgan Kapitoliy binosi joriy yilda ikkinchi bor hujumga uchradi. Politsiya xodimi Vilyam Evans halok bo’lgan. Hujumchi mashinasini Kapitoliy himoyasi uchun barpo etilgan beton to’siqqa borib urgan. So’ng mashinasidan chiqib, politsiyachilarga pichoq bilan hamla qilgan.

“Mashina to’xtatilgan. Hujumchi binolarga kira olmagan. Politsiya Kapitoliydagi qonunchilarga bo’lgan tahdidni bartaraf etgan”, - deydi sharhlovchi Rik Nelson.

Yanvar oyida Donald Tramp tarafdorlari uyushtirgan g’alayonda Kapitoliy xavfsizlik xizmatining yana bir xodimi halok bo’lgan edi. O’shanda namoyishchilar Jo Baydenning saylov g’alabasi tasdiqlanishini to’xtatmoqchi bo’lgan. Qonunchilar xavfsizligini qanday ta’minlash yana muhokamada.

“Kapitoliy xavfsizligi uchun ajratilgan kuchlar yetarli emas. Taxminan 2300 kishi bu kompleksni himoya qiladi, shundan 2000 nafari zobitlar. Missiya esa keng va murakkab”, - deydi Nelson.

6-yanvar voqealaridan keyin Kapitoliyga Milliy gvardiya askarlari olib kelingan, bino atrofi og’ir to’siqlar bilan o’ralgan. Vaholanki, Kapitoliy yaqingacha omma uchun eng ochiq inshootlardan biri edi.

“Demokratiya hukumat ochiq bo’lishini talab qiladi. Kongress atrofiga barrikadalar qurib tashlasangiz, hukumat yopiqdek ko’rinadi”, - deydi tahlilchi Karolin Gallaher.

Iste’fodagi general Rassel Onore yaqinda xavfsizlik bo’yicha hisobot tayyorlab, Kapitoliy atrofida doimiy mobil to’siqlar va zobitlar bo’lishini tavsiya etdi. Kongress a’zosi - Tim Rayan bu masala bilan shug’ullanayotgan qonunchilardan biri.

“Kamchiliklar nimadan iborat ekani, xavfsizlikni ta’minlash uchun qanday resurslar kerakligini bilmay turib, shoshilinch qarorlar qila olmaymiz. So’nggi hodisalarni o’rganayapmiz”, - deydi u.

Kapitoliy atrofidagi to’siqlar, xalq uyi omma uchun yopiq qolayotgani keskin munozaralarga sabab bo’lmoqda. Demokratlar xavfsizlik choralarini kuchaytirishni, respublikachilar esa temir panjarani olib tashlashni talab qilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, bahslar 2020-yilgi saylov yuzasidan ikki partiya o’rtasidagi tafovutlarni ham aks ettiradi.

“Kapitoliy atrofidagi manzara mamlakatdagi ahvolning bir nishonasi”, - deydi Gallaher.

6-yanvar g’alayoni - Kapitoliyga qilingan eng dahshatli hujum deya qayd etilmoqda va hodisa yuzasidan tergov davom etyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-aprel, 2021-yil