Dubayda xalqaro iqlim anjumani boshlandi

  • Amerika Ovozi

Bugun Dubayda xalqaro iqlim anjumani boshlandi. Olimlar haroratning global ilishi haqida xavotir bildirarkan, siyosatchilardan iqlim o’zgarishiga qarshi konkret choralar ko’rishni so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 30-noyabr, 2023-yil

2023-yil eng issiq yil sifatida qayd etilishi kutilmoqda.

Ikki haftalik anjumanda 197 mamlakatdan 70 ming delegat qatnashmoqda.

“2014-yilda Parij sammitida imzolangan bitimda belgilangan maqsadlarga qanday erishilayotganini sarhisob qilamiz. Zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni 43 foizga kamaytirishimiz kerak. Biroq so’nggi izlanishlardan ma’lum bo’lishicha, 2040-yilgacha aksincha 9 foizga oshishi kutilmoqda. Bu esa dunyo bo’ylab odamlarga halokatli ta’sir qiladi”, - deydi BMTning iqlim o’zgarishi bo’yicha sobiq strategi Tom Rivet-Karnak.

Ko’p mamlakatlar gazlar chiqindisini kamaytirish tarafdori. Rivojlanayotgan davlatlar issiqxona gazlari emissiyasiga boyroq mamlakatlar mas’ul ekanini ta’kidlarkan, ularni qazilma yoqilg’i iste’molini kamaytirish bilan bog’liq xarajatlarni qoplashga da’vat etadi.

“O’tgan yili iqlim o’zgarishidan ko’rilgan zararni qoplashga qaratilgan jamg’arma tuzishga kelishilgan edi. Joriy yilda ushbu jamg’armani ishga tushirishga harakat qilish kerak”, - deydi Rivet-Karnak.

Bugun ma’lum bo’lishicha, Dubay anjumani ochilishida mamlakatlar iqlim o’zgarishi jamg’armasini tasdiqlashga qaror qildi. AQSh jamg’armaga 17,5 million dollar ajratadigan bo’ldi.

Qurg’oqchilik, toshqinlar va dengizda suv sathining ko’tarilishidan zarar ko’rgan mamlakatlarga tiklanish ishlari uchun ushbu jamg’armadan pul ajratiladi.

Parij bitimida 2050-yilgacha global haroratni sanoatdan oldingi darajadan 1,5 foizga oshirmaslik maqsad qilib belgilangan edi.

Antarktidada muzliklarning 1990-yillarga qaraganda uch baravar tezroq eriyotgani u yerga joriy oyda borgan BMT rahbarini tashvishga soldi.

“Qazilma yoqilg’ilarga tobelikdan qutulish juda muhimdir. Ular iqlim o’zgarishiga sabab bo’layotgan asosiy omil. Iqlim anjumanida qazilma yoqilg’ilar iste’molini tugatish uchun aniq jadval belgilanadi degan umiddaman”, - dedi Antoniu Guterrish.

Dubay anjumanida AQShdan Prezident Jo Bayden emas, uning iqlim bo’yicha vakili Jon Kerri qatnashmoqda.

Tadbirning ilk kunidanoq namoyish uyushtirmoqchi bo’lgan yosh faollar Birlashgan Arab Amirliklari bunday faolliklarga qattiq cheklov qo’yganidan shikoyat qilmoqda.

Mezbon taraf ularning da’vosini inkor etarkan, belgilangan joylarda tinch uyushishga taqiq yo’qligini bildirdi.