Yanvar oyida o’tkazilgan so’rovda respondentlarning 60 foizi Kuba bilan to’laqonli aloqalar o’rnatish tarafdori ekanini aytgan. Bu orolga nisbatan iqtisodiy embargo 60-yillarda Jon Kennedi prezidentligi davrida qo’yilgan edi. Uni bekor qiling deb chaqirayotganlar orasida fermerlar ko’p. Kuba – eksport uchun yangi bozor.
Your browser doesn’t support HTML5
Ekin ekish mavsumi hali boshlangani yo’q, ammo Illinoys shtatida fermer Tomas Marten kelajakdan umidvor, chunki yaqin orada u hosilni Kubaga eksport qila boshlashi mumkin.
“Fermamizda makkajo’xorining eng zo’r navlarini yetishtiramiz, genetik jihatdan o’zgartirilmagan va qattiq endosperma makkadan ham bor. Ularning deyarli bari eksportga ketadi. Demak, Kubaga eksport ochilsa faqat foyda ko’ramiz,” - deydi u.
Embargoning bekor qilinishi natijasida, Martenning aytishicha, sof foyda 15 foizga oshishi mumkin.
Mahsulotni Kubaga sotish - otam yetti uxlab tushida ko’rmagan o’zgarish, deydi fermer.
Kuba oziq-ovqatning 80 foizini xorijdan import qiladi.
“Otam va amakilarim dalada ishlagan, butun umr fermer bo’lgan va doim embargo amal qilgan. Kuba bozorining AQSh uchun yopilganiga 54 yil bo’ldi,” - deydi Marten.
U singari embargo bekor qilinsin deb undayotgan fermerlar ko’p.
Lekin hatto Prezident Obama Kuba siyosatidagi o’zgarishni e’lon qilishidan oldin ham Illinoysda yetishtirilgan mahsulot bu orol xalqiga yetib borayotgan edi.
Mark Albertson Illinoys soya uyushmasidan.
“Prezident Klinton davrida qabul qilingan Savdo sanksiyalari va islohotlar haqidagi qonunga ko’ra, qishloq xo’jaligi sohasida embargo amal qilmagan. Ammo hozirda ham to’siqlar kam emas,” - deydi u.
AQSh Kubaga kredit ajrata olmaydi. Kubaliklar mahsulot sotib olganida naqd pul to’lashi shart.
“Bu esa bizning raqobatbardoshligimizni pasaytiradi. So’nggi yillarda Kubaga eksport hajmi aynan shu sababdan pasaygan,” - deydi Albertson.
Pol Jonson - AQSh-Kuba qishloq xo’jaligi uyushmasi rais o’rinbosari.
"Iqtisodiy taraqqiyot erkinlik degani. Kuba bilan AQSh qishloq xo’jaligi nomidan aloqa qilamiz”.
Jonson deydiki, embargoni bekor qilib, Kubaga kredit ajratsa, AQSh o’z imkoniyatlarini oshiradi, ayniqsa orolning qanchalik yaqinligini inobatga olsa.
“Tadbirkorlarimiz uchun Kuba yangi imkoniyatlar manbai”.
Jonson rahbarligida Kubaga yo’l olayotgan delegatsiyaga kirish niyatida yurganlar anchagina.
Jonson va yana 75 fermer va tadbirkor orolga mart oyida safar qiladi. Ular orasida Tomas Marten ham bor. Bu uning Kubaga ikkinchi safari bo’ladi. Marten fikricha kelajakda savdo-sotiq kengayadi, ammo oldinda qiyinchiliklar ko’p.
“Ayniqsa inson huquqlari masalasida muammolar talay. Men fermerman, shuningdek katolikman. Kubaga borganimda ko’pgina cherkovlar yopiqligini ko’rdim. Bu meni tashvishga soldi. Kubada inson huquqlari dolzarb masala. Ammo 54 yil embargo amal qilgan bo’lsa, bu davr ichida Kubada inson huquqlariga oid vaziyat yaxshilanmagani ham aniq,” - deydi u.
Xalqqa yillik murojaatida Prezident Obama Kongressni embargoni bekor qilishga chaqirdi. Marten va boshqa dehqonlar esa yaqin orada makkajo’xori va soyani Kubaga sotish umidida.
Your browser doesn’t support HTML5