AQShda prezidentlikka asosiy nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp o’rtasidagi ilk debatdan so’ng “unda kim g’olib bo’ldi” degan savol yuzaga keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Raqib siyosatchilar bir-birini yolg’onlarda aybladi, qanday siyosat yuritishi haqida atroflicha ma’lumot berish o’rniga o’zaro hujumlarga berildi.
Demokratlar va respublikachilarning aksariyati o’z nomzodini debatda g’olib deb topdi.
"Qo’l siqishga birinchi qadam qo’yganidan, debat xonasida o’zini boshliqday tutganidan Harris Donald Trampni tadbir davomida himoyalanishga majbur qilganini ko’rdik”, - deydi Kaliforniyaning demokrat gubernatori Gavin Nyusom.
Trampning sobiq maslahatchisi Stiven Miller 45-prezident yaxshi natija ko’rsatganini aytadi.
"U odamlarga muhim bo’lgan mavzularni ko’tardi”, - deydi Miller.
Trampning o’zi bu u uchun eng zo’r debat bo’lganini aytdi.
Shu bilan birga, respublikachilar orasida Harrisning debatda qo’li baland kelganini, Tramp mavzudan ko’p chetga chiqqanini tan oluvchilar ham bor.
Ulardan biri respublikachi senator Lindsi Grem. Unga ko’ra, Tramp debatda tashabbusni boy berdi.
Kaliforniya universitetining olimi Norma Mendoza-Dentonning aytishicha, Harris Trampning jig’iga tegishga, uni bir necha bor asabiylashtirishga muvaffaq bo’ldi.
"Harris dunyo rahbarlari Donald Trampning ustidan kulishini aytdi, Tramp milliy xavfsizlik masalasida zaif va xato siyosat yuritganini, o’tgan saylovda unga qarshi ovoz bergan 81 million odam Trampni ishdan olganini aytdi”, - deydi antropolog.
Oddiy amerikaliklar debatni qanday baholadi?
“Tramp paytida iqtisodiyot Bayden paytiga qaraganda ancha yaxshi bo’lgan”, - deydi Trampning kaliforniyalik tarafdorlaridan biri.
“Tramp chegara xavfsizligini ta’minlagan. Nega endi biz jinoyatchilarni mamlakatimizga kiritishimiz kerak? Ular jamoalarimizni iflos qilyapti, tinchini buzyapti, barbod qilyapti”, - deydi virjiniyalik bir odam.
Harris tarafdorlari debatda uni g’olib deb topdi.
“Nazarimda, uning chiqishi ajoyib bo’ldi. Gaplari lo’nda bo’ldi. O’ziga ishonib gapirdi. Trampning salbiy gaplariga ijobiy ruhda munosabat bildirdi”, - deydi kaliforniyalik bir demokrat Lissa Kassandra.
Tramp tarafdorlariga ko’ra, debatni olib borgan ABC telekompaniyasining ikki jurnalisti Harrisga yon bosdi.
“Ular Tramp xatolarini to’g’irlab turishdi, ammo Harrisnikini emas. Axir Harris ko’p yolg’on so’zladi”, - deydi Jerri Piani.
Trampning kaliforniyalik yana bir tarafdori Rayan Xyuz nomzodlarning hech biri debatda yaqqol ustunlikka ega bo’lmaganiga ishora qilarkan, ularning chiqishlari kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilar fikriga ta’sir qilmasligini aytadi.
“Menga hech biri to’g’ri kelmaydi. Oldingi, hozirgi debatlarga asoslanib shunday deyapman. Hali ham bir qarorga kelganim yo’q”, - deydi Aleks Peselj ismli saylovchi.
Unga o’xshagan saylovchilar umuman ovoz bermasligi yoki boshqa nomzodlarni qo’llab-quvvatlashi mumkin.
2012 va 2016-yillardagi saylovlarda Yashillar partiyasidan qatnashgan 74 yashar Jill Stayn bu gal ham nomzodini qo’ygan. 70 yoshli Kornel Vest esa mustaqil nomzod sifatida sotsialist g’oyalarni ilgari surmoqda.
Amerikaning Libertarianlar partiyasidan bu saylovda prezidentlikka Cheyz Oliver nomzod.
Uchinchi partiyalardan nomzodlarga berilgan ovozlar odatda Demokratik partiya nomzodiga beriladigan ovoz hisobiga bo’ladi. Bayden va Harrisning Yaqin Sharqdagi siyosatidan ko’ngli qolgan liberallar va progressiv saylovchilar hamda musulmonlar o’z noroziligini uchinchi partiyadan nomzodlarni qo’llab-quvvatlash orqali ifoda etishi mumkin.
Debatdagi to’qnashuvga qaramay, odatda tadbirlarda birga ko’rinmaydigan Tramp va Harris chorshanba kuni Nyu-Yorkda 11-sentabr xurujlariga bag’ishlangan xotira tadbirida bir qatorda turishdi, hatto qo’l berib ko’rishishdi.
Harris Trampga yana bir debatda bellashishni taklif etdi.
Tramp bunga ko’nib, tadbirni bu gal NBC yoki FOX telekompaniyalari uyushtirishi kerakligini aytdi.