Onlayn xarita qayerda virus ko’payishini bashorat qila oladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus qayerda birdan avj olishi mumkin? Jorjiya Texnologiya institutida yaratilgan onlayn xaritadan buni bilib olsa bo’ladi.

“Mahalliy miqyosda pandemiyaga javob berish uchun kasallik muayyan okrug yoki shaharda qanday tarqalayotganini bilish muhim”, - deydi universitet professori Turgay Ayer.

Buni ham ko'ring AQShda "Jonson & Jonson" vaksinalari bilan emlash to'xtatilgan

Interaktiv xarita omma uchun ochiq. U qaysi joylar hozirda COVID o’chog’i ekanini emas, balki virusning qanchalik tez tarqalayotganini ko’rsatadi.

Qoramtir ranglar bilan epidemiya avj olishi mumkin bo’lgan joylar ko’rsatilgan. Algoritmga kiritiladigan ma’lumotlar bunday bashoratga imkoniyat beradi. Masalan, kasallik soni va o’limlar, geografik joylashuv, bandlik darajasi, niqob bo’yicha qoidalar hamda kundalik testlar soni.

“Bashorat sifati kiritilayotgan ma’lumotlar aniqligiga bog’liq”, - deydi Ayer.

Har bir okrugdagi ma’lumotni tahlil qilib, bashorat qilishga haftalab vaqt ketgan bo’lardi. Ammo kompyuter bu jarayonni tezlashtiradi va avtomatlashtiradi.

Test markazi, Florida

Tadqiqotchilarning aytishicha, tobora ko’proq aholi emlanayotgan bo’lsa-da, bu kabi xarita asqatadi.

“COVIDning yangi shtammlari paydo bo’laversa, vaksina samaradorligi pasayishi yoki vaksinaning himoya muddati tugashi mumkin. Bunday holat qachon ro’y berishini hozirda bilmaymiz. Balki bir yil, balki 1,5 yildan keyin”, - deydi Garvard Tibbiyot maktabi professori Jagprit Chatval.

Hozirda onlayn xarita boshqa mamlakatlardan ma’lumot to’plash qiyinligi sabab faqat AQSh uchun qo’llanmoqda.

Yetarli ma’lumot bo’lsa, olimlar boshqa davlatlar uchun ham o’xshash modelni yaratishga tayyor. U sog’liqni saqlash mutasaddilariga epidemiyaga tayyorlanishga yordam beradi.