Saylovchi ayollarning ayrimlariga Klinton ma'qul emas

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton qizi Chelsi bilan Demokratlar partiyasi qurultoyida. Filadelfiya, 28-iyul, 2016-yil.

Demokrat Xillari Klinton AQSh tarixida yirik partiyadan prezidentlikka nomzodi ko'rsatilgan birinchi ayoldir. Ammo noyabrda bo'ladigan saylovda respublikachi Donald Tramp ustidan g’alaba qozonishi uchun Klinton saylovchi ayollar ovozini olishi zarur.

Saylovda jins va tajriba hal qiluvchi omil emas, partiyaga mansublikka ko'p narsa bog'liq, deydi Virjiniya universiteti qoshidagi Siyosat markazi rahbari Larri Sabato.

“Odamlar sayovga oid statistikani, jinsga oid raqamlarni noto’g’ri tushunadi. Masalan, respublikachi ayollar Xillari Klintonga ovoz bermoqchi emas, demokrat erkaklar esa Donald Trampga", - deya tushuntiradi ekspert.

2008-yilda Barak Obama oliy lavozimga saylangan birinchi qora tanli amerikalik bo’lganida xalq orasida xursandchilik hukm surdi. Klintonning nomzodlikni qo’lga kiritganiga ham ko’plar suyundi, ammo so’rovlarga ko’ra, demokrat nomzodning tarafdorlari soni keskin ko’paymadi.

“Wall Street Journal" gazetasi va NBC (En-Bi-Si) telekanali birgalikda o’tkazgan so’rovga ko’ra, har ikkala partiyaning ayol a’zolari orasida Klintonga ovoz berish niyatida bo’lganlar 52 foizga teng. Ayni vaqtda yoshi 50 dan 64 gacha bo’lgan oq tanli ayollar orasida bundaylar 36 foizni, yoshi 35 dan 49 gacha bo’lganlar orasida 34 foizni tashkil etadi.

Respublikachi nomzod Donald Tramp uchun esa barcha saylovchi ayollarning 37 foizi ovoz berishga tayyor. Yoshi 50-64 oralig’idagi oq tanli ayollardan 54 foizi, 35-49 yoshli oq tanli ayollardan esa 51 foizi Tramp tomonida.

Aksariyat ayollar odatda demokratlardan nomzodga ovoz beradi.

Muvaffaqiyatning boshqa tarafi

“Klinton qiyin ahvolda, chunki karyera qilib, muvaffaqiyatga erishgan ayollarni ko’plar sovuq, jozibasiz, deb o'ylaydi. Boshqa ayollarga qaraganda kattaroq yutuqlarga erishgan ayollar haqida jamiyatda salbiy fikr bor”, - deydi Klintonni qo’llab-quvvatlayotgan texaslik demokrat Aysela Kastanon-Uilyams.

Joriy yilda “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, so’ralgan xotin-qizlarning 47 foizi erkak nomzodlarga qaraganda ayollarga kattaroq talablar qo’yiladi, deb aytgan.

Erkaklar orasida esa bunday fikr bildirganlar bor-yo’g’i 28 foizga teng.

Ammo so’rovda qatnashgan 74 foiz erkak va 76 foiz ayol ham erkak, ham ayollar buyuk yetakchi bo’la oladi, bir-biridan qolishmaydi, deb fikr bildirgan.

Jinsiy tafovut

Klinton o'z tengdoshlari uchun jinsiy tavofutni yo’q qilish uchun yillab davom etgan kurashdagi g'alaba timsolidir.

“Jinsiy tengsizlik doim juda katta bo’lgan. Klintonning nomzodlikni qo'lga kiritgani mening hayotim, qiz nevaralarim hayotidagi katta yutuq. Qanday ahamiyatga egaligini so’z bilan ta’riflash qiyin”, - deydi Missuridan demokrat Ivon Rivs-Chong.

Ammo yosh amerikalik ayollar orasida Klinton tarafdorlari keksalarga qaraganda kamroq. Yoshlar Berni Sandersning inqilob yasash g’oyalarini ma’qulladi, chunki ular ayollarning ko’plab sohalarda katta yutuqlarga erishayotgani, yuqori lavozimlarni egallayotganiga guvoh bo’lib katta bo’lgan. Buning ortida naqadar mashaqqatli kurash turganidan ayrimlar bexabar.

Boshqa tarafdorlar

Tahlilchi Sabatoning aytishicha, oq tanli ayollar ishonchini qozona olmagan Klinton oz sonli guruhlar vakillari orasida katta obro’ga ega: bunday ayollarning 80-85 foizi Klinton uchun ovoz bermoqchi.

Texaslik delegat Merilu Tevebo “biz xursand emasmiz" deganlarni eshitib, kulgim keladi. Albatta, ko’plar Bernini tanlagan, lekin bu ular Xillariga ovoz bermaydi, degani emas”, - deydi.