Misrdagi voqealar Isroil-Falastin tinchlik muloqotiga ta'sir qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (chapda) va Misr prezidenti Husni Muborak

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (chapda) va Misr prezidenti Husni Muborak

Shunga qaramay tomonlar muzokaralarni tezroq qayta boshlashga chaqirmoqda, chunki bu mintaqada barqarorlik va xavfsizlik garovidir.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Misr va boshqa arab davlatlaridagi siyosiy to'lqinlar Isroil-Falastin tinchlik muloqotini jonlantirish harakatlariga pand bermoqda. Shunga qaramay tomonlar muzokaralarni tezroq qayta boshlashga chaqirmoqda, chunki ular nazarida bu Yaqin Sharqda barqarorlik va xavfsizlik garovidir.

Ba'zi tahlilchilar nazarida, Misrda siyosiy vaziyat tinchib, hukumat kelajagi oydinlashmas ekan, Isroil-Falastin tinchlik muloqoti hali-beri joyidan siljimasligi mumkin.

Yaqinda parlament oldida so'zlagan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, mintaqadagi islomiy ekstremistlar keskin o'zgarayotgan siyosiy muhitdan vaziyatni o'z nazoratiga olishda va anti-demokratik tuzumlar yaratishda foydalanmoqda.

"Xususan, Eron, Livan va Falastindagi ayrim ekstremist kuchlar saylovlarda g'alaba qozonib, qudratini oshirmoqda. Isroil Misrda ham bunga yo'l qo'ymasligi lozim", - deydi Netanyaxu.

Isroil Misrda "Musulmon birodarlar" guruhi hokimiyatga kelishidan tashvishda. Rasman taqiqlangan bo'lishiga qaramay, mamlakatda eng uyushgan muxolif guruhdir.

Namoyishchilar qahrini asosan prezident Husni Muborakka qaratmoqda. Ammo bir kun kelib, deydi yahudiy tahlilchilar, ularning g'azabi Isroilga ham yo'nalsa hech gapmas.

Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlik masalalari instituti tadqiqotchisi Mark Xellerning aytishicha, Misrda hozirgi tuzumga qarshilik Isroil yoki AQShga nisbatan qarshilikka aylanib, oqibatda Isroilga qarshi yanada agressiv, dushmanona va militaristik siyosat shakllanishi mumkin.

Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari o'tgan yil sentabrida Vashingtonda boshlanib, tez orada to'xtab qoldi. Isroil Sharqiy Quddus va G'arbiy Sohilda qurilishlarga qo'yilgan moratoriyni uzaytirishdan bosh tortgach, Falastin muzokarani davom ettirishni xohlamadi.

Falastinlik siyosiy tahlilchi Mahdi Abdul Xadining aytishicha, arab dunyosidagi siyosiy o'zgarishlar natijasida tinchlik jarayoniga munosabat o'zgarishi mumkin va Isroil buni yaxshi anglab yetishi lozim.

"Isroil jamiyati umuman boshqa sayyorada yashayapti. Atrofdagi o'zgarishlarni ko'rmayapti. O'zgarishlar shamoli esganiga e'tibor bermayapti. Ular o'z xavfsizligi bilan ovora bo'lib, qo'shni mamlakatlardagi ichki o'zgarishlarni his qilmayapti. Biz, falastinliklar uchun, tarixiy davr keldi", - deydi Abdul Xadi.

Misrda namoyishlar samarasi hali ham mavhum ekan, yangi hukumatning qanday bo'lishini bashorat qilishga ojizlik Isroil va Falastinni birday tashvishga solmoqda.

Falastinda hukmron FATX partiyasining Sharqiy Quddusdagi vakili Dimitri Dilianiyning aytishicha, "Musulmon birodarlar" kabi islomiy kuchlarning hokimiyatga kelib, ta'sirini kuchaytirishi ko'pchilikni xavotirga solmoqda, chunki bu hol tinchlik jarayoni va umuman Falastin hududlari xavfsizligiga jiddiy tahdid bo'lishi mumkin.

Biroq Isroil ham, Falastin ham tinchlik jarayonidan qaytmoqchi emas. O'tgan hafta Isroil hukumati Falastinda iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan choralar e'lon qildi.

Bosh vazir Netanyaxuning aytishicha, Isroil Falastinda turmush darajasini yaxshilab, beqarorlikning oldini olmoqchi.

"AQSh va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Isroil va Falastin o'rtasida tarixiy bitimga intilish lozim", - deydi Isroil rahbari.

O'z ichiga AQSh, Rossiya, BMT va Yevropa Ittifoqini olgan Yaqin Sharq To'rtligi guruhi vositachilik qilishga harakat qilyapti.

To'rtlik rahbari Toni Bleyrning aytishicha, Misrdagi voqealar tinchlik jarayoniga pand berishi mumkin, biroq tomonlar shashtidan qaytgani yo'q.

To'rtlik nazarida mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik haqida gap ketganda muzokaralarni uzoqqa qoldirmay jonlantirish lozim.

Isroil qurilishlarga qo'yilgan cheklovni yangilamaganidan g'azabga tushgan Falastin jahon hamjamiyatini uni mustaqil davlat sifatida tan olishga chaqirmoqda. Hozircha bir necha davlat shunday qarorga kelgan.