Harbiy boshliqlar yangi hukumat tuzib, jilovni fuqaroga topshirishga rozi. Bugun armiya yetakchilari va partiya vakillari favqulodda uchrashib, shunga kelishib olgan. Bu haqda Armiya qochidagi Oliy Kengash raisi, marshal Muhammad Tantaviy e'lon qildi.
Mana bir necha kundirki, mamlakat notinch. Harbiylardan norozi misrliklar poytaxt Qohiraning Tahrir maydoniga oqib kelishda davom etmoqda. Ular davlat boshqaruvi fuqaroga topshirilishi kerak, deya talab qilib keladi.
Avval rejalanganidek, parlament saylovlari 28-noyabrda o'tadi. Prezident poygalari esa 2012-yilning iyuliga rejalanmoqda.
Hukumat qarorini isyonchilar norozilik bilan qarshi olib, armiya davlat tepasidan zudlik bilan ketsin, deydi.
Bugungi namoyish fevral oyidagi kabi yirik. O’shanda yuz minglab fuqaro isyon ko’tarib, oxir-oqibat prezident Husni Muborakni taxtdan ag’dargan edi. Kecha Iskandariya shahrida ham manzara shu edi, politsiya odamlarga qarata o’q uzdi, deydi guvohlar.
Internetda bayonot chiqargan yoshlar amaldagi Vazirlar Mahkamasi va Bosh vazir Esam Sharafni iste’foga chaqirib, yangi, tarkiban boy hukumat tuzishga undab keladi. Misrning ikkinchi inqilobi bu, deydi ular.
Mahkama kecha iste’foga chiqishga ahd qilgan, biroq harbiy boshliqlar arizani qabul qilish-qimasligi hali noma’lum. Hoxircha vazirlar ishini davom ettiradi.
Bir necha kundan buyon tinmayotgan to’qnashuv va namoyishlarni tugatish maqsadida hukmron guruh - Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi barcha siyosiy partiya va faollarni favqulodda muloqotga jalb etgan. Kengash xalqqa hamdardlik izhor etmoqda.
Misrning eng yirik islomiy oqimi sanalmish Musulmon Birodarlar va yana to’rt partiya muloqotga rozi. Isyon boshida turgan yoshlar qatnashadimi, yo’qmi, hozircha aniq emas.
Misr Sog’liqni saqlash vazirligi qonli tus olgan chiqishlarda kamida 29 kishi o’lganini aytmoqda. Kecha port shahar Ismoiliyaning o’zida uch fuqaro nobud bo’lgan.
Bu voqealar siyosiy guruhlar orasida ziddiyatni oshirib, Musulmon Birodarlar bugungi namoyishda qatnashishdan bosh tortgan. Birodarlar tuzgan Ozodlik va adolat partiyasi xavotiri shuki, g’alayon saylovlarga, demokratik jarayonga halaqit berishi mumkin.
28-noyabrga belgilangan parlament saylovlarida islomiy guruhlar g’alab qozonishi taxmin qilinadi. Murosaga moyil boshqa diniy partiyalar va o’ta konservativ Salafiylar oqimi namoyishda faol qatnashmoqda.
Isyonkor xalqni tinchlantirish uchun harbiy kengash korrupsiyada ayblangan arboblarni hukumatga yo’latmaslik haqida qonun qabul qildi. Bu degani, Muborak qo’lida ishlagan shaxslar saylovda qatnasha olmaydi.
Xalqaro Amnistiya tashkilotining bildirishicha esa Misrda hukmron kengash zulmi va qonxo’rligi Muborakdan oshib tushmoqda. Harbiylar xalq ishonchini mutlaqo oqlay olmadi, deyiladi tashkilotning “Barbod bo’lgan va’dalar: Misr harbiy hukumati inson huquqlarini oyoqosti qildi” nomli yangi hisobotida.
“Minglab fuqarolar harbiy sudda javob berib, adolatsiz ayblangan. Tinch namoyishlar ayovsiz bostirilmoqda. Matbuot nazorati oshgan. Repressiv siyosat davom etmoqda”, - deyiladi hujjatda.
Oq Uy xavotirda va tomonlarni zo’ravonlikdan tiyilishga chaqirmoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun talofatlardan afsus bildirib, hukumatni jinoyatchilarni javobgarlikka tortishga undadi.