Yangi Misrda ayollar kelajakdan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Misr inqilobida xotin-qizlar muhim rol o'ynagan

Bu yil Tinchlik uchun Nobel mukofoti Afrika va arab ayollariga nasib etdi. Xotin-qizlar huquqi uchun uzoq yillardan beri kurashib kelayotgan, shijoatli insonlar. Ular chekkan shuncha zahmatga qaramay qilinadigan ishlar hali juda ko’p.

Liberiya va Yamanda ayollar nochor va ilojsiz fuqarolar. Yil boshida inqilobni boshdan kechirib, yangi tuzum uchun ovoz berishga tayyorlanayotgan Misrda qiz-juvonlar Husni Muborak davrida ancha oldinga siljidi. Hokimiyat, biznes va boshqa muhim jabhalarda ularning nufuzi va roli oshdi. Biroq, deydi bu mamlakat ayollari, oilaviy zo’ravonlik va jinsiy bosim tingan emas.

“Arab bahori” uzoq yillik diktaturaga barham berdi. Husni Muborakni hokimiyatdan olgan qo’zg’olonda ayollar faol qatnashdi.

Misrda o'qimishli, kasb-hunarli ayollar ko'p

Bugun Misrda siyosiy bilimi o’tkir, iqtisod va jamiyatni yaxshi tushunadigan, tahliliy fikrlaydigan xotin-qizlar juda ko’p. Lekin ular hamon azaliy illatlar ichida yashaydi. Taqdir ularning qo’lida emas, bilim olishdan tortib, oila qurish va farzandli bo’lishgacha. Uyda eri ursa yoki ishxonada bosimga uchrasa, shikoyat qilish - qahramonlik.

Buning ustiga, ko’cha-kuyda ayollarning ustidan kulish, jinsiy hamla va bosim tabiiy bir hol.

Engi G’ozlan aynan mana shu odatlardan qutulish uchun kurashayotgan faollardan biri. Harrassmap.org degan internet sayt ochib, ayollarni har qanday zo’ravonlik, ruhiy va jismoniy tahqir haqida uyali telefon – internet orqali xabar berishga undab keladi.

O’tgan to’qqiz oy ichida, deydi Engi G’ozlan, 500 dan ortiq hol tekshirildi.

Qohira

“Masalan, biz bilan bog’langan bir qizning yozishicha, bir erkak uni metrodan ketiga tushib, Qohiraning Ramsis degan markaziy bir mahallasida, poyezd bekatining shundoq oldida tajovuz qilgan. Hech kim bu qizga yordamga kelmagan, hatto e’tibor ham berishmagan”.

Qohira – siyosiy-madaniy markaz. Agar poytaxtda ahvol shunchalik xatarli bo’lsa, deydi Engi G’ozlan, asosan qishloqlarda, o’z yog’ida o’zi qovurilib yashaydigan joylarda vaziyat qanday bo’lishi mumkin? Parlamentga a’zo ayollardan ham erkaklar ularga zo’rlik qilayotgani haqida shikoyatlar tushgan.

Misr inqilobi

28-noyabrda Misr fuqarolari parlamentning quyi palatasi, kelasi yilning yanvarida esa yuqori palatasi uchun ovoz beradi. Yangi qonunchilar keyin yangi konstitutsiya ustida ish boshlaydi.

Faol ayollarning ko’pi islomiy kuchlar hokimiyatga kelsa, xotin-qizlar huquqlari cheklanishi mumkin deya xavotirda.

Siyosiy-konservativ partiyalar hukmron bo’lsa, salafiylarning roli oshadi, deydi Naval al-Sadaviy, Misrning yetakchi feministi. Salafiylar – Qur’onni mustaassib ruhda talqin qiladigan musulmonlar, deya tushuntiradi u.

“Meni qo’rqitadigan narsa - mana hozir ham islomiy guruhlar, salafiylar, propagandaga zo’r bermoqda”, - deydi faol.

Mutaassib kuchlarning maqsadi, deydi u, ayollarni chetlatish, ularning ovozini o’chirish, yuzini ko’rmaslik, fikrini eshitmaslik.

Misrda faqat ko'zini ko'rsatadigan, niqob kiygan ayollar ko'p. Husni Muborak paytida bu kiyimni man etishga harakat qilingan edi. Lekin islomiy partiyalar endi siyosiy jihatdan oyoqqa turar ekan, jamiyat ham orqaga qaytadi degan xavotir kuchaygan.

Salafiylar o’z chiqishlarida bu kabi xavotirlarni tinchitishga urinmoqda. Islomiy tuzum o’rnatish xotin-qizlarni kamsitish emas, deydi ular. Salafiylar Husni Muborakni ag’darishda katta hissa qo’shganini eslatadi.

Erkak va ayol jamiyatda teng huquq va imkoniyatga ega bo’lishi kerak degan g’oya bu feminizmdir. Lekin uni hamma ham to’g’ri tushunmaydi, ayniqsa uni diktatura va repressiyaga aloqador odamlar targ’ib qilgan bo’lsa.

Husni Muborak davrida eng ko’zga ko’ringan feminist bu uning rafiqasi Suzan Muborak edi. Shu bois ayol haq-huquqlari uchun kurashayotgan faollarga odamlar shubha-gumon bilan qaraydi.

Aytish joiz, Suzan Muborak yosh qizlarning bilim olishi va jinsiy kamsitilmasligi uchun targ’ibot ishlari olib borgan.

Suzan Muborak, sobiq prezidentning rafiqasi

Engi G’ozlan deydiki, sobiq prezidentning rafiqasi nomigagina feminist edi.

“Suzan Muborak ayollar huquq markazini boshqargan xolos. Bu joy faqat rasmiy idora edi. Nomi bor, lekin biror narsani qotirmagan. Xotin-qizlar manfaatlari uchun ko’plab nohukumat tashkilotlar kurashgan va o’zgarishlar qilgan. Lekin rahmatni Suzan Muborak olgan. Tuzum shunday edi. Afsuski, mana shu yutuqlar bugun tahdid ostida. Hozir bu nohukumat tashkilotlar nafaqat Suzan Muborak qoldirgan dog’ni o’chirishi, balki yaqinlashayotgan islomiy xavfga qarshi tura olishi kerak. Juda murakkab bir davrdamiz”,- deydi faol.

Rebekka Chiao, amerikalik mutaxassis, bir necha yildan beri Qohirada ishlaydi. Bu jamiyat gender masalalari bo’yicha ancha yutuqqa erishgan, deydi u.

"Biroq bugun “xotin-qizlar huquqi haqida gapiradigan payt emas” degan bayonotlarni eshitayapmiz. Bu bilan, nazarimda, xalqning diqqatini inson huquqlari va demokratiya degan narsalardan boshqa yoqqa burishmoqchi”.

"28-noyabrdagi saylov natijasi ko’p narsani hal qiladi. Umid qilamizki, parlamentga saylanganlar orasida ayollar ko’p bo’ladi va ular o’z jinsi manfaatlarini olg’a suradi. Aks holda, Misr orqaga ketadi”,- deydi amerikalik faol.

Bugun mamlakatda “yangi Misr” degan ibora ko’p qo’llaniladi. “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar uni ko’p tilga oldi. Fevral oyidagi inqilobda asosiy talab erkinlik edi, deydi ular, fuqaro tengligi va hurligi.