So’nggi yillarda NATO mamlakatlari orasida “xunuk o’rdak” rolida bo’lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham AQSh poytaxti Vashingtonda bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Erdog’an oldingi sammitlarda ayrim a’zolar bilan yuzaga kelgan achchiq kelishmovchiliklarni hal qilgan holda anjumanda qatnashadi.
“O’shanda NATO Shvetsiya va Finlyandiya hisobiga kengayish arafasida edi. Jarayon endi yakunlangan. Turkiya Niderlandiya sobiq bosh vaziri Mark Ruttening NATO bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo’llab-quvvatladi. Turkiya, shuningdek, NATOning Ukrainani qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq qarorlariga amal qilmoqda”, - deydi Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o’rganish markazidan Sinan Ulgen.
Biroq turk rahbarining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalari NATOdagi ittifoqchilar bilan ziddiyatli nuqtadir.
O’tgan hafta Erdog’an Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashib, Putin bilan yuzma-yuz ko’rishdi, G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo’shilishdan bosh tortmoqda.
Anqara Vashingtonning bunday aloqalar sababini tushunishini istaydi.
“Rossiya bilan qo'shni va bir qator o'zaro bog'liqliklarga ega bo'lgan davlat sifatida bunday aloqalarning muqarrar bo’lishi haqida tushuncha mavjud. Shu bilan birga, Turkiya AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarga doir chizgan qizil chiziqlarni kesib o’tmaslikka harakat qilmoqda”, - deydi Sinan Ulgen.
Erdog’an sammit doirasida AQSh rahbari bilan ko’rishishi mumkin. Tahlilchilarga ko’ra, Turkiyaning Markaziy Osiyo, Afrika va Kavkazda ahamiyatining oshishi AQSh ma’muriyatiga Anqara bilan hamkorlikni kuchaytirishga turtki berishi mumkin.
“AQSh ham, Turkiya ham Afrikada faol bo’lishga intilmoqda. Anqara iqtisodiy va xavfsizlik masalasida ta’sirini kengaytirmoqchi. Markaziy Osiyoga e’tibor yangilanmoqda. Bolqon mintaqasida Turkiya va AQSh barqarorlikni ta’minlashga qo’shimcha harakat qilmoqchi”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Asli Oydintoshbosh.
Erdog’an va Bayden may oyida ko’rishishi kerak edi, biroq Turkiyaning Isroilning G’azodagi urushiga keskin tanqidiy yondashuvi sabab uchrashuv bekor qilindi. Aynan shu omil NATO sammiti paytida ham yuzma-yuz muloqotga halaqit berishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar.