Yevropa so'z erkinligini himoya qilmayotgani uchun tanqidga uchradi

  • Amerika Ovozi
Londonda joylashgan “Senzura ko’rsatkichi” nomli xalqaro tashkilot xulosalariga ko’ra, Yevropa Ittifoqi so’z erkinligi kabi asosiy qadriyatlarini ilgari surishda oqsayapti. Ayni vaqtda hukumatlar tomonidan fuqarolarni kuzatish kuchaygan.

"Senzura ko’rsatkichi” guruhi hisobotida 28 davlat a’zo Yevropa Ittifoqi hamda Yevropa Komissiyasi so’z erkinligi haqidagi bayonotlardan nariga o’tmayotgani va bu borada yetarli harakat qilmayotgani uchun tanqidga olinadi.

So’z erkinligi himoyasi bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilot o’tkazgan izlanishda qator misollar keltiriladi. Xususan, AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq xodimi Edvard Snouden tarqatgan ma’lumotlarga tayangan holda Qo’shma Shtatlar Yevropa va boshqa mamlakatlarda keng ko’lamli kuzatuv ishlarini olib borgani tilga olinadi.

Yevropa Ittifoqi nafaqat Snoudenga boshpana berishdan bosh tortdi, balki Snouden oshkor etgan ma’lumotni bosib chiqargan “Gardian” gazetasini himoya qilishga jur’at etmadi, deydi hisobot muallifi Mayk Xarris.

“Yevropa Ittifoqi davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib shaxsiy hayotga aralashuv tamoyillarimizga qarshi, so’z erkinligi ham ustuvor qadriyatlarimizdan, ularni himoya qilish kerak demadi”, - deydi Xarris.

Hisobot keng ko’lamli bo’lib, unda nafaqat Snouden ishiga, balki boshqa masalalarga ham e’tibor qaratiladi. Mualliflar demokratiya reytingini ham tuzib chiqqan. Shvetsiya va Norvegiya kabi davlatlar bu reytingning birinchi pog’onalarida bo’lsa, Ruminiya va Vengriya oxirida.

Hujjatda, shuningdek, Yevropa Komissiyasi Vengriya hamda ittifoqqa a’zo bo’lmagan qator mamlakatlar, xususan Ozarbayjon va “Arab bahori”ni boshdan kechirgan o’lkalarda so’z erkinligini kuchliroq himoya qilmayotgani uchun nishonga olinadi.

“Yevropa Ittifoqi dunyoning eng yirik savdo birlashmasi bo’lib, ulkan iqtisodiy va boshqa turdagi salohiyatga ega. Ammo u bu salohiyatdan qo’shni mintaqalarda fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun foydalanmayapti,” - deydi Xarris.

Vaholanki, Yevropa ovozi baland yangraganida vaziyat ijobiy tarafga o’zgaradi, deya ta’kidlaydi hisobot muallifi.

"Misol uchun Belarusni olaylik. Hozirgi rejimga aloqador qator shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Oqibatda, prezident Aleksandr Lukashenko 2010-yilda qamalgan siyosiy mahbuslarning yarmini ozod etishga majbur bo’ldi. Demak, qat’iy pozitsiya natija berdi”, - deydi Xarris.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari hozircha hisobotga munosabat bildirganicha yo’q. Biroq Yevropa Komissiyasi rahbari Vivian Reding so’z erkinligini doim himoya qilib keladi. Yevropa Parlamenti esa yaqinda Snoudenni AQSh kuzatuv ishlari yuzasidan ma’lumot berish uchun Strasburgga taklif etdi. Parlamentga a’zo Yashillar partiyasi esa Snoudenni Andrey Saxarov nomli inson huquqlari mukofotiga nomzod etib ko’rsatdi.