“Islomiy davlat” ekstremistlar to'dasi Yevropada xudkushlik hujumlarini amalga oshirish uchun qancha odamni tayyorgarlikdan o'tkazgan? Razvedka idoralarida bu borada ma'lumot yo'q. Suriyadagi lagerlarda mashqdan o'tkazilgan yoki Yevropadagi jinoiy tizimlar orqali "Islomiy davlat" safiga yollangan yuzlab terrorchilar bo’lishi mumkin, deydi rasmiylar.
Your browser doesn’t support HTML5
Guruh qit'ada teraktlar sodir etish uchun 200 dan 400 nafargacha jihodchilarni safarbar etgani taxmin qilinadi. “Aniq raqam yo'q qo'limizda”, - deya tan oladi Fransiya razvedka xodimi.
So’nggi yillarda 5000 dan ziyod yevropalik “Islomiy davlat” safida jang qilgan, taxminan 500 nafari Belgiyadan. Ular vataniga qaytgan sari terror xavfi ham oshaveradi.
Ekspertlar fikricha, bu guruh terrorchilik kampaniyasini olib borishda ham tashkiliy, ham moliyaviy jihatdan Al-Qoida bilan taqqoslaganda, undan o'zib ketgani ayon.
“Resurslari va salohiyati kattaroq. Suriyaning Halab shahridan Iroqning Salohiddin viloyatigacha bo'lgan, 10 million aholi yashaydigan hududni nazorat qilayapti. Boshqa mintaqa va qit'alarda ham xurujlarni amalga oshiryapti”, - deydi Britaniyaning Ekzeter universitetidan arabshunos Umar Ashur.
2001-yilning 11-sentabridan keyin al-Qoida G’arb manfaatlariga qarshi murakkab operatsiyalarni amalga oshira olgani yo'q. Guruhning arab yarimorolidagi a'zolari bir necha marta G’arb samolyotlarini portlatmoqchi bo’ldi, ammo uddasidan chiqolmadi.
“Islomiy davlat” 2014-yil avgustidan beri g’arbliklarga qarshi Yevropa va Shimoliy Afrikada 25 marotaba xuruj qilgan.
"Ular maqsadiga erishmoqda", - deydi tadqiqotchi Shoshank Joshi. “Bu hamlalardan maqsad - shov-shuv uyg'otish, guruhning saoliyatini ko'rsatish, Yevropada qo’rquv uyg’otish”, - deydi u.
Qo’rquv kuchayayotgani rost. Qit'a mamlakatlari xavfsizlik tizimidagi nuqsonlarni bartaraf etishga jiddiy kirishmoqda.
Razvedka xizmatlari Parij va Bryusseldagi qonli hujumlarni bartaraf etolmadi. Yevropada huquq-tartibot idoralarining bir-biri bilan osonlikcha ma'lumot almashishi yo'lga qo'yilmagan. Belgiyaning o'zida politsiya kuchlari markaziy boshqaruvga ega emas. Parij xurujlariga mas’ul deb ko'rilgan Saloh Abdislomni qidirib topish uchun to'rt oy vaqt ketdi.
Bryusselning Zaventem aeroportini portlatgan aka-uka Ibrohim va Xolid al-Bakraviylar AQShning terrorchilar ro’yxatida bo’lgan. O’g’rilik uchun to’qqiz yilga qamalgan Ibrohim jazo muddatini qisman o’tib, shartsiz ozod etilgan. Suriyaga yo'l olganida chegarada ushlanib, “xorijiy jangari” sifatida Turkiyadan deportatsiya qilingan, biroq Belgiyada ro'yxatga olinmagan.
Hukumat endi razvedka tizimini tubdan o'zgartirishga, federal va mahalliy agentliklar orasida ma'lumot almashinuvini yo'lga qo'yishga va'da bermoqda. Payshanba kuni Yevropa Ittifoqining adliya va ichki ishlar vazirlari ham shunga kelishib oldi.
Yana bir mummo malakali mutaxassis va kadrlar yetishmasligidir. Masalan, Fransiyada radikal islomiy guruhlar bilan aloqada gumon qilinganlar soni 20 mingga teng. “Ularni kunu-tun kuzatishning iloji yo’q. Buning uchun 400 ming agent kerak”, - deydi Fransiya razvedkasining aksil-terror yo’nalishi uchun ma’sul rasmiysi Lui Kaprioli.
Belgiya razvedkasida 700, harbiy razvedkada esa 800 odam ishlaydi. Nafaqat hukumat va Yevropa tashkilotlari, balki bu mamlakatda joylashgan minglab xalqaro strukturalar xavfsizligi ular zimmasida. Bu davlat “Islomiy davlat”ga qarshi kurash doirasida yaqin orada 1000 nafar politsiyachi va xavfsizlik agentlarini yollashni rejalamoqda.