2018-yilda populist guruhlar Yevropani qamrab, Italiyada hokimiyatni egalladi, Vengriya va Polshada ham ular salmoqli kuchga ega. Fransiyada prezident iste’fosini talab qilgan namoyishar bo’lib o’tdi. Populist to’lqin Yevropada kelasi yilga belgilangan parlament saylovlari natijasiga ham ta’sir ko’rsatishi mumkin.
2018-yil oxiriga kelib, Yevropada populizmning yangi rangi - sariq. “Sariq nimcha”lilar Fransiyada yoqilg’i soliqlariga qarshi g’alayon ko’tardi va namoyishlar butun mamlakatga tarqaldi.
“Soxta emas, haqiqiy odamlarmiz”, - deydi namoyishchilardan biri.
Prezident Emmanuel Makron, bir paytlar populizm to’lqiniga qarshi tura oladi deb ko’rilgan siyosatchi, yangi soliqni kechiktirishga majbur bo’ldi. Chunki populizm endi siyosiy kuch.
“2018-yida populizm qaytib kelganini ko’rdik. Bu to’lqin aslida to’xtamagan, shunchaki Makronning orqasida yashiringan edi”, - deydi tahlilchi Gregori Kleys.
Ammo 2018-yilgi populizmning xususiyati shundaki, radikal o’ngchilar va so’lchilar birga namoyish qildi.
“O’ng qanot populizmi Sharqiy Yevropada, asosan migratsiyadan qo’rquv natijasida yuzaga kelgan omil edi. So’l qanot populizmini esa ko’proq Yevropa janubida ko’rardik. Chunki aynan shu hudud moliyaviy inqirozdan, yevro-krizisdan zarar ko’rgan. Xullas, bular bir-biridan ajratilgan edi. Endi esa Italiya va Fransiya kabi davlatlarda har ikkisini bir paytda ko’rib turibmiz”, - deydi suhbatdosh.
Bunday ittifoqchilik Italiyada rasmiylashtirildi. May oyida o’ngchilar va so’lchilar birlashib, koalitsion hukumat tuzdi.
Mushtarak maqsad - Italiya sohillariga kelayotgan migrantlarni, sarf-xarajat qisqartirishlarini to’xtatish. Bu esa Rimni Yevropa Ittifoqi bilan ziddiyat yo’liga boshladi.
Italiyani migrantlardan tozalashga va’da bergan Ichki ishlar vaziri Mateo Salvini Yevropa Ittifoqiga qarshi harakat lideriga aylangan.
“Yevropa dushmanlari bu - Bryusselda o’tirgan odamlar”, - deydi u.
Siyosiy mojarolar iskanjasida ekan, Yevropa Ittifoqi erkinliklar tahdid ostida deya ogohlantirmoqda.
“Populizm va buzg’unchilik avj olgan zamonda yashayapmiz”, - deydi Yevropa Parlamenti prezidenti Antonio Tayani.
O’ng siyosatdan xoli deb ko’rilgan Ispaniyada “Voks” partiyasi mahalliy saylovlarda yutib chiqdi.
“Bu siyosiy harakatlar to’xtamaydi, o’nlab yil davom etadi”, - deydi partiya rahbari.
Biroq populistlar raqobatga dosh bera oladimi? Germaniyada, masalan, Yevropa Ittifoqi birligini targ’ib qiluvchi “Yashil” partiya saylovda o’ngchilardan ustun keldi.
Vengriyada esa Viktor Orbanning populist hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari bo’ldi.
Yevropa siyosatidagi bo’linishlar kelasi yil mayga belgilangan Yevropa parlamenti saylovlari natijasiga ta’sir etishi aniq.
Bir qancha davlatlarda nufuzini oshirgan populist guruhlar 2019-yilda Yevropa Ittifoqi boshqaruvini ham qo’lga olishga harakat qiladi.