Tolibon Afg'oniston ommaviy axborot vositalarini erkinlikdan ayirar ekan, ular mazmunan zaiflashgan va jurnalistika sifati tushib ketgan. Biroq auditoriyaning axborotga talabi o'sha-o'sha.
Afg'on mediasi bugun dezinformatsiya, ya'ni noto'g'ri axborotga to'la, deydi tahlilchilar. O'tgan hafta BMTning Afg'onistondagi idorasi Tolibonning bayonotini inkor etdi.
Tolibonning propaganda va axloq bo'yicha bosh rasmiysi Xolid Hanafiy BMT vakillari bilan muloqotda ular go'yoki Yevropada ham odob masalasi og'ir ekanini e'tirof etgan. Tolibonning bu boradagi iddaosi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.
"UNAMA, BMTning Afg'onistondagi idorasi, aslo bunday demagan", - deya rad etdi tashkilot "Twitter"da.
"Hech qachon bunday narsalar aytmagan bo'lar edim", - deydi Markus Potzel, UNAMAning rahbari o'rinbosari.
Yaqinda Tolibonning ta'lim bo'yicha sobiq vaziri Nurullo Munir ota-onalar o'smir qizlarini maktabga yubormayapti, deb chiqdi. Haqiqatda esa Tolibon qizlar uchun maktablarni yopib qo'ygan va kim o'qib-o'qiy olmasligini ulamolar hal qiladi.
"Tolibon azaldan odamlarni aldab kelgan, uydirmalar tarqatgan", - deydi tahlilchi Vohid Faqiriy.
Tolibon oliy rahnamosi Mulla Muhammad Umar 2013-yilning aprelida o'lgan bo'lsa-da, harakat uning nomidan 2015-yilda ham bayonotlar tarqatayotgan edi.
Tolibon buni tan olib, strategik jihatdan shunga majbur bo'lganini bildirgan. AQSh va NATOga qarshi kurashda Afg'onistonda jangarilar shunga majbur edi, deydi toliblar.
Tolibon o'tgan bir yildan beri hokimiyatda ekan, jurnalistikada qattiq chekinish yuz berib, xususan ayol muxbir va muharrirlarning 80 foizi ishdan ketgan. Qolganlari keskin cheklovlar ostida faoliyat yuritmoqda. Televideniye va radiolarda xotin-qizlar mutaxassislarning katta qismi edi. Bugungi kunda axborot vositalari axborot emas, diniy dasturlar berish bilan mashg'ul.
540 mediadan kamida 215 tasi hozir yopilgan. Moliyaviy yetishmovchilik, taqiqlar va bosim shunga olib bordi, deya kuzatadi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti.
"Tolibon hukumatda, ammo liderni xalq ko'rmaydi. Biz esa rahbariyat haqida axborot tarqatishimiz kerak", - deya noliydi Kobulda bosh muharrirlik qiladigan suhbatdosh.
Bu jurnalist nazarida Tolibonga jurnalistika emas, propaganda kerak. Qolgani bu tuzumga muhim va qiziq emas.
Tolibon lideri Haybatulla Oxunzoda ommaga ko'rinmaydi. Biror media bilan suhbatlashmaydi, hech kimga hisobot bermaydi.
"Kommunikatsiya bir tomonlama. Hukumat nima desa deydi, biror savolga javob bermaydi", - deydi yetakchi jurnalistlardan biri.
Tolibon esa oldingi hukumatdan shaffofroq ekanini da'vo qiladi. Ommaviy so'rovlarda esa odamlar buning aksini aytadi.
"Gallup" tadqiqot markazi o'tkazgan so'rovlarda respondentlarning 94 foizi Tolibon davrini azob-uqubat deb atagan. 2021-yilning avgustigacha turli so'rovlarda afg'onlarning aksariyati Tolibonni yoqtirmasligini aytgan, xususan 2019-yilda.
UNAMA shu kunlarda Panjsher viloyatida qiynoq hollarini taftish qildi. Bu qiynoqlarda toliblar gumon qilinadi. Mahbuslar otib o'ldirilayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lgan edi.
Tolibon bu videolar soxta deya bong urdi, biroq UNAMA tekshiruvi bu tasvirlar haqiqat ekanini isbotladi.
Afg'on mediasiga ishonch pasayib ketgan, ammo BMT biror nima desa, tasdiqlasa yoki inkor etsa, odamlar unga tayanadi, deydi tahlilchilar.
"Jurnalistlar va tadqiqotchilar biror faktni tekshirishi ayni damda judayam qiyin. Ularda manbalar yetishmaydi, qolaversa qo'rqinch darajasi yuqori", - deydi Abdul Sayid, Shvetsiyada yashayotgan mutaxassis.
Tolibonning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarining birortasi tasdiqlangan manba hisoblanmaydi. "Google", "Meta" va "Twitter" Tolibonga ishonch bildirmaydi.
Afg'onistondagi voqealar yuzasidan yangiliklar orasida ham soxtalari ko'p uchramoqda. Masalan, yaqinda Kobulda portlash bo'ldi, deya tarqatilgan ma'lumot o'z aksini topmagan.