Dehqonlar mobil telefoni orqali ma'lumot va tajriba almashmoqda

  • Amerika Ovozi

Dehqonlar mobil telefoni orqali ma'lumot va tajriba almashmoqda

AQShning Illinois Davlat Universitetida bir guruh olimlar informatsion loyihalar o’rqali rivojlanayotgan davlatlarda oddiy odamlarning hayotini yaxshilashni maqsad qilgan.

Texnologiya rivojlanib bormoqda, undan unumli foydalansih kerak, deydi tadqiqotchi Berri Pitendri.

“Informatsiya almashish bobida katta yutuqlarga erishilgan bir paytda yashayapmiz. Hozir xabar va yangiliklar internet yoki qo’l telefoni orqali bir zumda butun dunyoga ovoza bo’ladi. Hammaning qo’lida telefon”,- deydi u.

Perdyu Universitetida qishloq xo’jaligidan dars beruvchi olim Jes Lovenberg Deboyer ham bu fikrni qo’llab-quvvatlaydi. Bugun mobil aloqa yangilik emas, deydi u.

“Hozir dunyo bo’ylab deyarli ko’plab dehqonlarning qo’l telefoni borligini o’rgandik. Bu imkoniyatdan foydalanib ular bilan ma’lumot almashib, tavsiyalar bersakchi degan fikr tug’ildi”,- deydi u.

Tavsiya deganda olim amaliy maslahatni nazarda tutmoqda. Masalan hosilni qanday qilib omborga joylash toki zarrarkunandalarda yem bo’lmasin.

“Hosilni qopga solib uning og’zini qanday berkitish haqida videolarimiz bor. Buni yozib tushuntirguncha esingiz ketadi. Bir marta ko’rgan afzalroq”,- deydi u.

Tajriba almashish va amaliy maslahatlar berishda mobil telefonlari uchun moslashtirib ishlangan video lavhalar ayni muddao. Ularni, deydi olim Lovenberg, bir zumda tarqatish mumkin. Uning shogirdlari bu borada tajriba ham o’tkazgan. Bir videoni yettita mobil telefonga yuborishgan.

“Bir oyning ichida ushbu videolar 50 ta turli qishloqdagi jami 118 ta telefonga yuborilgan! Qilingan sarf- harajat oldida bu maqtansa arziydigan yutuq”.

Chekka joylarda tirikchilik qilayotgan dehqonlar uchun bu xazinaning o’zginasi. Qo’l telefoni bo’lsa bas, bir zumda u yoki bu ekin, o’g’it haqida ma’lumot oladi, deydi Illionois Universiteti ilmiy xodimi Tolulope Agunbiade.

“Shunday fermerlar bor-ki, hatto o’qishni ham bilmaydi. Video xabarlar shunisi bilan ham afzal. Ko’z bilan ko’rib o’rganishga nima yetsin”.

Bu loyiha ustida ikki oliygoh ekspertlari birga ish olib bormoqda. Illionois Universiteti videolarni turli tillarga tarjima qilmoqda. Perdyu Universiteti esa boshqacha yo’l tanlagan.

“Biz har bir videoni geografik hududga qarab tasvirga tushiramiz. Uni tomosha qilgan odamlar o’z yerlarini, dalalarini ko’rib e’tiborlari yana-da o’shadi. Tushunish ham oson bo’ladi”.

Bu kabi videolarni suratga tushirish va tayyorlash uchun katta mablag’ ham kerak emas. Lekin har ikki usulning ham maqsadi va natijasi bir xil, deydi Tolulope Agunbiade.

“Ma’lumotga chanqoq va malakasini oshirmoqchi bo’lgan dehqonlarga yetib boradi”,- deydi u.