Fransiyaning Nitsa shahrida katta shodiyona paytida yuk mashinasi odamlarni yoppasiga bosib ketib, 84 kishi o'lgan. Yuzdan oshiq odam jarohatlangan. Terror hamlasi Bastiliya kuni, mustaqillik kunida ro'y bergan.
Suv bo'yida shodiyona paytida sodir etilgan bu hujumda o'lganlardan 10 nafari yosh bola.
Politsiyaning aytishicha, hujumni Nitsada yashagan 31 yoshli shaxs, Fransiya va Tunis fuqarosi sodir etgan. Huquq-tartibot xodimlari uni otib o'ldirgan. U yolg'iz o'zi harakat qilganmi, biror terrorchi to'da bilanmi, noma'lum.
Guvohlardan biri voqeani shunday tasvirlaydi:
"Mashina katta tezlikda kelib, yo'lida uchragan hammani bosdi. Keyin bir payt to'xtadi. Haydovchi chiqib kelib, atrofga qarata o'q uza ketdi. Shundan keyin politsiya uni o'ldirdi".
Fransiya Ichki ishlar vazirligi hisobicha, talafotlar 84 kishiga yetgan. Rasmiylar uning mashinasida portlovchi modda, gratana va boshqa qurol-aslaha topgan.
Fransiyada kelasi uch kun motam e'lon qilindi. Prezident Fransua Olland mamlakatda amal qilayotgan favqulodda holatni yana uch oyga uzaytirdi. Xavfsizlik choralari yanada oshirilishi kutilmoqda. Rasmiy Parij Suriya va Iroqdagi harbiy ishtirokini oshirmoqchi.
O'lganlar orasida politsiyachilar ko'pchilik, omon qolganlardan 18 nafarining ahvoli o'ta og'ir.
Fransiya rahbari hujumni ozodlikka chang solish bilan qiyosladi:
"Fransiya o'z istiqlol kunida, 14-iyul kuni nishonga olindi", - deydi Olland.
Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ko'rishar ekan, Nitsadagi fojea terrorizmga qarshi kurashga zo'r berish zaruratini yana bir bor eslatdi, dedi.
"Jahon ahli bizdan terrorchilar hamlalariga chek qo'yib, birlashishimizni kutmoqda", - deydi Kerri.
Amerika va Rossiya bosh diplomatlari marhumlarni bir daqiqalik sukunat bilan xotirladi.
Germaniya Kansleri Angela Merkel hujumda o'lganlarning oilalariga hamdardlik izhor etmoqda. Germaniya Fransiyani hamisha qo'llab-quvvatlashga tayyor, dedi u.
"Fikru xayolimiz do'stimiz Fransiyada. Bu og'ir damlarga qaramasdan g'animni, yovuzlikni yengishimizga ishonchim komil", - deydi Merkel.