Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shveysariyaning Davos shahridagi xalqaro iqtisodiy forum ishtirokchilariga virtual murojaatida Ukrainaga harbiy yordam kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Juma kuni (20-yanvar) AQShning Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasida G’arb mamlakatlarining mudofaa vazirlari ko’rishib, Germaniyani “Leopard-2” tanklarini Ukrainaga berishga ko’ndirishga harakat qilib ko’radi. Arsenalidagi bu tanklarni Kiyevga uzatmoqchi bo’lgan mamlakatlar Berlin ruxsatini olishi lozim.
Germaniya boshqa mamlakatlar ham tanklarini bersagina rozi bo’lishini bildirgan.
Zelenskiy bunday yondashuvni tanqid qilib, g’alaba uchun ikkilanmaslikka, boshqa davlatlarga qarab ish qilmaslikka chaqirdi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bugun Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan Berlinda ko’rishib, ushbu masalani ko’targan.
"Biz Rossiya bosqiniga qarshi va o’z hududiy suvereniteti uchun kurashayotgan Ukraina xalqini qo’llab-quvvatlashda davom etamiz. Men Germaniya hukumatiga Ukraina mudofaasini kuchaytirishdagi yordami, xavfsizlikka hissasi va ukrain himoyachilarining tayyorgarligi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman”, - dedi Ostin.
Ayrim tahlilchilarning aytishicha, Germaniya Kansleri Olaf Shols yadro urushini gijgijlashdan qo’rqib Ukrainaga tank berishdan bosh tortmoqda.
“Shunday bo’lgan taqdirda kansler Germaniya asosiy nishon bo’lishini taxmin qilmoqda. Bu g’alati taxmin nimaga asoslanganini bilmayman. Ba’zan Shols Germaniya NATO blokining a’zosi ekanini unutmoqda degan fikrdaman. U ruhan g’arbcha fikrlamayapti”, - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Gustav Gressel.
Shvetsiya hukumati NATOga a’zo bo’lmasa-da, alyans a’zolari kabi Ukrainaga faol harbiy yordam uzatmoqda. Bosh vazir Ulf Kristersson bugun 419 million dollarlik yangi yordam paketini e’lon qildi. Unda Ukrainaga 50 ta zirhli transport vositalari, “Archer” artilleriya tizimi, tankka qarshi portativ qurollar, minalardan tozalashga yordam beruvchi moslamalar, avtomatlar berish ko’zda tutilgan.
"Ukrainaning ushbu urushdagi g’alabasi ta’riflab bo’lmaydigan ahamiyatga ega. Shu sabab ko’plab mamlakatlar Ukrainaga yordam bermoqda. Ma’naviy yordam ham, qo’shma xavfsizligimiz ham muhim”, - dedi u.
Hafta boshida Ukrainaga 14 ta “Chellenjer-2” tanklarini yuborishi haqida ma’lum qilgan Britaniya bugun Kiyevga 600 ta “Brimstoun” raketalari berilishini ham bildirdi. Bu haqda Estoniyaning Tapa harbiy bazasida boshqa davlatlardan to’plangan hamkasblari bilan uchrashgan Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas aytdi.
"Agar Prezident Putin biz hech narsa qilmasdan zerikib o’tirishimizga umid qilayotgan bo’lsa, xato qiladi. Bu yili ham, keyingi yili ham, undan keyingi yili ham yordam berishda davom etamiz”, - dedi Uollas.
Yevropa davlatlarini Ukrainaga tank berishga chaqirayotgan Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bugun Kiyevga borib, Zelenskiy bilan ko’rishdi.
Ikki haftadan so’ng Yevropa Ittifoqi-Ukraina sammiti bo’lib o’tadi. O’tgan yili Kiyev tashkilotga a’zolikka nomzod maqomini olgan.
Zelenskiy Mishelni Ukraina ordeni bilan taqdirladi.
“Rossiya Federatsiyasining minglab tanklarini yengish uchun askarlarimizning jasorati va ukrain xalqining shashti kamlik qiladi. Bizga qurollar kerak. Ko’plab artilleriya tizimlari va tanklar”, - dedi Zelenskiy.
Bugun Minskda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, “Rossiyaning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazmoqchi bo’lgan, hatto uning hududiy daxlsizligini savol ostiga qo’yayotgan, mustamlakachi va neomustamlakachi rejalari va xayollarini o’z xalqlari manfaatlaridan ustun qo’yayotgan NATO va Yevropa Ittifoqidagi siyosatchilarni Rossiya imkon qadar tez hushiga keltirishga harakat qiladi”.
"Rossiya va Belarusni bo’g’ib qo’yishga qaratilgan harakatlar natija bermadi. Biz bundan omon chiqamiz”, - dedi Lukashenko.
Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kiril pravoslav nasroniylarning bugungi suvda cho’qintirish bayramida “Rossiyani yo’q qilishga qaratilgan harakatlar dunyoni ham yo’q qilishini” aytdi.
Bugun Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev ham shu ma’noda so’zlab, yadro quroliga ega Rossiyaning Ukrainada mag’lub bo’lishi yadro urushiga turtki berishini aytdi.