Prezident Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan immigratsiya, sog'liqni saqlash kabi bir qator sohalarda o'zgarishlarni amalga oshirish fikrida qat'iy ekanini aytdi. Ammo uning muvaffaqiyat qozonishida shtat rahbarlarining yordami muhim ahamiyatga ega. Vashingtonda o'tgan gubernatorlarning yillik anjumanida Prezident Tramp ularning fikrini o'rgandi.
Shahar va shtatlar yuzlashib turgan qator masalalar bo'yicha Oq uy gubernatorlar bilan yaqindan ishlashga va'da berdi.
Immigratsiya masalasida yetakchilar muammoning yechimi oson emasligini tan olishdi.
"Bu chegaralarga faqat devor va to'siq qurish bilan hal bo'lmaydi. Kirish-chiqish nuqtalari ham yaxshi ishlashi kerak. Odamlar qanday kiradi, qanday chiqadi? Bu yerda turish, ish vizasini qanday olish kabi masalalar bor", - deydi Yuta gubernatori Geri Herbert.
"Hammamiz mahallalarimiz xavfsiz bo'lishini xohlaymiz. Lekin qonunni buzib, fuqarolik huquqlarini poymol qila olmaymiz. Bu narsa odamlarni yashirinishsa, huquq-tartibot organlari bilan ishlashdan bosh tortishga majburlaydi. Sarmoya ham qilishmaydi. Bu esa Virjiniyada iqtisodiyotimizga zarar yetkazadi", - deydi Virjiniya gubernatori Terri Makolif.
Sog'liqni saqlashga oid qonunni o'zgartirish ham ayrim shtatlarda xarajatlarni oshirib yuborishi mumkin.
"Gubernator sifatida xohishimiz shuki, bemorlar manfaatiga xizmat qiladigan, hamyonbop va hammaga ochiq tibbiy xizmat bo'lsin", - deydi Arkanzas gubernatori Asa Hatchinson.
Prezident Tramp esa bu masalada fikridan qaytgani yo'q.
"Obamacare" ko'plab muammolarni keltirib chiqarganini bilasiz. Biz uni bekor qilamiz va yangilaymiz", - dedi u.
Shtat rahbarlari boshqa mavzularda ham fikr almashdi.
"50 ta shtat, besh hudud va poytaxt Vashingtonda ko'plab tajriba va ilg'or loyihalar bor. Ularni boshqalar bilan baham ko'rasiz. Qanday siyosat ko'zlangan maqsadga olib borishi haqida bir-birimizdan o'rganamiz", - deydi Gubernatorlar milliy assotsiatsiyasi rahbari Skot Pettison.
Vashingtondagi anjuman Oq uy, Kongress hamda shtat yetakchilari orasida umumiy qarashlarni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.