G’azodan cheklangan evakuatsiya boshlandi. XAMAS-Isroil ixtilofiga doir boshqa xabarlar

  • Amerika Ovozi

7-oktabr kuni Isroil-XAMAS ixtilofi boshlanganidan beri G’azo Sektorining Misr bilan chegaradosh Rafah chegara punktidan ilk bor xorijliklar va yarador falastinliklarga Misr tomonga o’tishga ruxsat berildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2-noyabr, 2023-yil

Bugun 81 nafar og’ir yarador falastinlik chegaradan o’tishi kutilgan edi, ba’zilariga Misr kasalxonalarida tibbiy yordam ko’rsatilmoqda. Shuningdek ikki fuqaroligi bor 360 dan ortiq odam ham sektorni tark etgan. Chegaradan yana 130 kishi o’tishi kerak edi, ammo ba’zilari oilasini tashlab ketgisi kelmagan, yana kimdir chegaragacha yetib borolmagan.

Ikki hafta davomida xorijiy pasporti bor jami 7500 ga yaqin odamning evakuatsiya qilinishi kutilmoqda.

"G’azoga 6-7 oy oldin kelgandim, Ramazonda oilam bilan birga bo’lish uchun, ammo G’azo 16 yildan beri qamalda bo’lgani uchun ketishga ruxsat ololmayotgandim”, - deydi AQSh fuqaroligi bor falastinlik bir ayol.

Syuzan Beseyso G’azoda qolayotgan oila a’zolari va do’stlarini qayta ko’rish umidi so’nib borayotganini, har kuni odamlar o’layotganini aytadi.

G’azoda bugun kuni bilan portlashlar eshitilgan. Isroil hujumlarida o’lgan falastinliklar soni 9000 dan oshib ketdi, 3760 nafari bolalar.

AQSh davlat kotibi Yaqin Sharqga yana boradi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken juma kuni Yaqin Sharqga yana safar qilishi kutilmoqda. Bu gal Turkiyaga boradimi, yo’q, hozircha ma’lum emas.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an XAMASni ozodlik harakati deb atagani va Isroilni qoralagani Vashington siyosatiga qarama-qarshi bayonotlar bo’lib, AQSh NATOdagi ittifoqchisidan uzoqlashishi yoki aksincha “tarbiyaviy uchrashuv” o’tkazishi mumkin.

“Juma kuni Davlat kotibi Blinken Isroil va Iordaniyaga boradi, Isroil Bosh vaziri Netanyaxu va Isroil hukumatidagi boshqa rahbarlar bilan ko’rishib, Isroilning harbiy maqsadlari va bu maqsadlarga erishishdagi rejalari xususida xabardor qilinadi. Blinken AQSh Isroilning xalqaro gumanitar qonun asosida o’zini himoya qilish huquqini qo’llab-quvvatlashini ta’kidlagan holda tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirish uchun barcha choralarni ko’rish kerakligini, gumanitar yordamni yetkazishdagi ishimizni muhokama qiladi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.

Rasmiy vazirning jadvalida Turkiyaga safar yo’qligini aytdi.

AQSh va G’arbdagi ayrim mamlakatlar XAMAS harakatini terrorchi guruhlar ro’yxatiga qo’shgani bilan Turkiya rahbari uni bunday deb atashdan bosh tortdi.

Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazida ishlovchi AQSh armiyasining iste’fodagi polkovnigi Rich Autzenning aytishicha, Bayden ma’muriyati strategik ittifoqchisi hisoblangan Turkiyani gijgijlashdan o’zini tiydi, garchi Erdog’anning so’zlari uni quvontirmagan bo’lsa-da.

“AQSh rasmiylarida Erdog’an va atrofdagilari bilan aloqa qilish istagi yo’q hozir. Ikki taraf rasmiylari o’rtasidagi yuqori darajali uchrashuvlar, Davlat kotibi Blinkenning Turkiyaga safari yoki ikki prezident o’rtasidagi qo’ng’iroq tasvirlangan suratlar bo’lishini istashmaydi. Bayden ma’muriyati bularning barchasini o’ta ehtiyotkorlik bilan tahlil qilgan”, - deydi Autzen.

G’azoda tinch aholi orasida qurbonlarning ko’payayotgani xalqaro xavotirlarni kuchaytirmoqda.

“Nazarimda Blinkenning mintaqadagi asosiy roli shundan iborat bo’ladiki, Livanning “Hizbulloh”, suriyaliklar, eronliklar, Erondan yordam olayotgan xusiylarni eskalatsiyaga qo’l urishiga yo’l qo’ymaslik uchun, ixtilofning regional mojaroga aylanishining oldini olish uchun hammani diplomatik va kerak bo’lsa, harbiy kuch qo’llashga tayyor turishga da’vat etish bo’ladi”, - deydi sobiq harbiy.

Chorshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Turkiyada hamkasbi bilan uchrashdi, Isroil-XAMAS urushining Suriya va Yaqin Sharqga yoyilishi ehtimolidan xavotir bildirdi.

Anqara zudlik bilan otashkesinga chaqirmoqda, biroq Isroil bu haqdagi takliflar va da’vatlarni inkor etmoqda.

AQShning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalari hujumga uchramoqda

Iroqdagi shia jangarilari bu mamlakatda joylashgan amerikalik askarlarni kundalik ravishda bir necha bor hujumga olmoqda. Vashington bu ishga Eronga aloqador guruhlar aralashganini bildirmoqda. AQShning Suriyadagi bazasi ham hujumga uchramoqda.

O’tgan hafta AQSh Suriyada Eron va uning ittifoqchilariga tegishli obyektlarni nishonga olgan.

Senatda AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning hisobotini tinglagan qonunchilar Pentagonni jangarilarga qattiqroq zarba berishga chaqirdi.

“Agar eronliklarni shunchaki jilovlab emas, ishonchli jilovlamasak, hujumlar tezlashib va kuchayib boradi, Suriya va Iroqdan ham nariga tarqaladi, mukammalroq qurollar ishga solinadi. Shundan xavotirdaman”, - dedi respublikachi senator Marko Rubio.

AQShning Yaqin Sharq mamlakatlaridagi bazalarida minglab askarlari joylashgan. Vashington ularga qarshi hujumlarni muvaffaqiyatli qaytarish maqsadida yaqinda qo’shimcha havo mudofaasi tizimlarini joylashtirdi.

Amerikaning “Eyzenxauer” aviatashuvchi kemasi Fors ko’rfaziga yo’l olmoqda, “Jerald Ford” aviatashuvchi kemasi esa O’rta Yer dengizida turibdi, Isroil atrofini “Bataan” desantchi kemasi patrul qilmoqda.

AQSh dengiz piyoda korpusi komendanti general Erik Smitning aytishicha, kemada joylashgan minglab askar G’azoga kirmaydi, ularning vazifasi mintaqadagi AQSh fuqarolari va Isroilni tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iborat.

“G’azoga Amerikaning birorta askarini kiritishga buyruq borligidan xabardor emasman. Bizga mojaroning kengayishi yoki kuchayishining oldini olish vazifasi yuklangan”, - deydi u.

Mojaro jug’rofiyasini kengaytirmoqchi yoki amerikalik askarlarga hujum qilmoqchi bo’lganlarni general ogohlantirib qo’ydi:

“Bizni nishonga olsangiz, farzandlaringizni boshqalar voyaga yetkazadi. Bu hazil emas. Maqtanish ham emas. Dengiz piyoda askarlari shunaqa. Bizga hujum qilshni o’ylamang”, - dedi Smit.

G’arbiy Sohilda ham zo’ravonliklar avjga chiqmoqda

Isroil G’azoda shahar va qishloqlarni o’qqa tutib, XAMASga aloqadorlikda gumon qilinayotgan odamlarni hibsga olarkan, XAMAS nazoratida bo’lmagan G’arbiy Sohilda so’nggi kunlarda zo’ravonlik kuchaygan.

7-oktabrdan beri Isroil askarlari va hududga ko’chib o’rnashib olgan yahudiy aholi 120 dan ziyod falastinlikni o’ldirgan. BMT hisobiga ko’ra, G’arbiy Sohilda o’ldirilgan arablarning salkam 30 fozi bolalar.

Jeninda joylashgan qochqinlar lagerida yashovchi bolalar o’yinchoq qurollar bilan o’ynab, xayoliy dushmanni o’ldirmoqda. Bu joylarda dushman qiyofasi faqat bitta – isroilliklar. Ular otgan haqiqiy o’q izlarini devorlarda ko’rsa bo’ladi.

“Allohdan boshqa hech kimdan qo’rqmaymiz”, - deydi Jubar ismli 12 yashar bola.

Qo’lida plastik miltiq ushlab turgan Jubar o’qish niyati borligini, professional futbolchi bo’lmoqchi ekanini, qurolli qarshilikda qatnashmoqchiligini aytadi. Uning miltig’iga Isroil askarlari o’qidan o’lgan do’stining surati tushirilgan.

“Otishma mana shu yerda ro’y berdi. Uni otib o’ldirishdi”, - deydi Jubar.

O’sha kuni “Islomiy jihod” jangari guruhining mahalliy qo’mondoni Aysar Amir ham o’ldirildi. Uning dafn marosimida Jeninda yuzlab odam qatnashdi.

Marakalar shu qadar ko’pki, odamlar ularga ko’nikayotganday ko’rinadi.

BMT 2023-yil oxirgi 15 yilda G’arbiy Sohilda eng qonlisi ekanini ta’kidlaydi.

Falastinliklarning aksariyati Isroilning qochqinlar lagerlariga reydlari paytida otilgan. G’arbiy Sohilning yahudiy aholisi ham zo’ravonliklar bo’yicha askarlardan qolishmayapti. Oxirgi ikki hafta ichida Nablusdagi bir kichik qishloqda ular besh falastinlikni o’ldirdi.

Dunyoda antisemitizm kuchaymoqda

Isroil G’azoni bombardimon qilgan kundan beri dunyoda yahudiylarga nisbatan adovat hissi kuchaygan.

Parijda yahudiylar yashovchi uylar devorlariga Dovud yulduzlari chizib ketilgan. Fransiya hukumati buni antisemitizm nishoni deya e’tirof etdi.

AQShda Oq uy yahudiylarga qarshi kayfiyat oshayotganidan xavotir bildirdi.

“Bunga jim qarab turolmaymiz”, - dedi Amerika prezidentining matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Bayden ma’muriyatining rasmiylari Amerika yahudiy tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashib, mamlakatda va xususan Amerika universitetlarida antisemitizmga barham berish yo’llari xususida gaplashdi.

Oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan yahudiy talabalar ularga qarshi do’q-po’pisalar, tahdidlar haqida bong urmoqda.

Britaniya, Germaniya, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlarda antisemitizmning kuchaygani qayd etiladi.

Rossiyaning Dog’iston Respublikasida yahudiylarga qarshi avj olgan namoyish kuch bilan bostirildi.