Tunda Eron poytaxti Tehronda Falastinning XAMAS harakati rahbari Ismoil Haniya raketa hujumida o’lgan. Voqea tungi 2 da ro’y bergan. 61 yashar Haniya yangi saylangan Eron Prezidenti Masud Pezeshkianning qasamyod marosimida qatnashish uchun Tehronga borgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Eron matbuotiga ko’ra, hujum paytida XAMAS yetakchisi urush faxriylari uchun mo’ljallangan rezidensiyada bo’lgan. U bilan birga qo’riqchisi ham o’lgan.
XAMAS rahbariyati va Eron hujumda Isroilni ayblamoqda, garchi Isroil bu haqda e’lon qilmagan bo’lsa-da.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos hujumni qoraladi. Turk matbuotiga ko’ra, Abbos va Haniya shu hafta Turkiya parlamentida so’zga chiqishi kutilgan edi.
Qo’shma Shtatlar hujum rejasidan bexabar ekanini bildirmoqda. Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada taranglikni tushirish muhim ekanini aytadi.
“Urush bo’lishi shart deb o’ylamayman. Doim diplomatiya uchun imkoniyat mavjud. Tomonlar shu yo’ldan boradi degan umiddaman”, - dedi u.
Shu bilan birga Ostin isroil hujumga uchrasa, AQSh uni himoya qilishini bildirdi.
XAMAS vakillari Haniyaning o’limi harakat ruhiyatini tushirmasligini, maqsadlaridan qaytarmasligini aytadi.
Aprel oyida Isroil hujumida Haniyaning uch o’g’li va to’rt nabirasi, jumladan uch nafar qiz nevarasi o’lgan edi.
2017-yilda harakatga rahbar etib tayinlangan Haniya Qatarda yashab kelgan. Uning o’rniga XAMASning Haniyadan oldingi rahbari Xolid Masha’l tayinlanishi mumkin.
Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy Eron Haniyaning o’limi uchun qasos olishini aytdi.
Haniyaga hujumni Xitoy, Rossiya, Yamandan tashqari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham qoraladi.
"Sionistlar bu vahshiyligi bilan o’z maqsadlariga erisha olmaydi, falastinliklarning ruhini tushira olmaydi”, - dedi u.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim esa voqeani telbalik deb atadi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Haniyaning o’limi G’azoda otashkesim o’rnatishdek muhim maqsadga halaqit bermasligi kerak.
Biroq kuzatuvchilar va g’azoliklar otashkesim va XAMAS garovga olgan isroilliklarni ozod etishga qaratilgan muzokaralar qiyinlashishini bashorat qilmoqda.
“Qotilliklar hech qachon yechim bo’lib xizmat qilmagan. Na siyosiy, na harbiy, na xavfsizlik darajasida. Aksincha bu chalkashlikka yetaklaydi”, - deydi falastinlik siyosiy tahlilchi Tabet Amur.
ISROIL BAYRUTGA ZARBA BERDI
Bundan bir kun oldin Isroil Livan poytaxti Bayrut tevaragiga ham zarba bergan. Yahudiy davlat “Hizbulloh” harakatining o’tgan shanba kuni G’o’lan Tepaliklarida 12 bolaning o’limiga sabab bo’lgan hujumiga mas’ul qo’mondoni yo’q qilinganini ma’lum qildi.
“Hizbulloh” druzlar yashovchi qishloqqa hujum uning ishi ekanini inkor etishda davom etarkan, Fuad Shukr ismli qo’mondonining o’limini tasdiqlagani yo’q.
Ayrim kuzatuvchilar Bayrutga hujum va Haniyaning o’limi mintaqada mojaroning kengayishiga olib kelishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Randa Slimga ko’ra, bu “Hizbulloh” qanday javob berishiga bog’liq.
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Bayrutga hujumni “Isroil o’zini himoya qilishga haqli” deb izohladi.
"Isroil o’zini terrorchi guruhdan himoya qilishga haqli, bu uning ajralmas huquqi. “Hizbulloh” esa aynan terrorchi tashkilot. Shunga qaramasdan bunday hujumlarga chek qo’yish uchun diplomatik yechim izlashimiz kerak”, - dedi Harris.
Livan Tashqi ishlar vazirligi Isroil hujumini qoralab, BMTga shikoyat qildi.
Tongda Livan vazirlar mahkamasi favqulodda majlis o’tkazdi. Axborot vaziri Ziyod Makari “Livan urush bo’lishini xohlamaydi” deya bayonot chiqardi.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant uning mamlakati mojaro kengayishi istamasligini bildirgan holda Isroil barcha ehtimollarga tayyor ekanini aytdi.