VICh va SPIDga qarshi yangi dori va muolajalar

  • Derek Henkle

VICh va SPIDga qarshi yangi dori va muolajalar

Immunitet taqchilligi virusi bora-bora kuchli tus olib, insonni o'limga yetaklashi mumkin.

Bu virus qisqacha VICh, undan kelib chiqadigan og'ir kasallik esa SPID deya tanilgan. Bular ruscha terminlar, o'zbek tilida ular Odam Immuniteti Taqchilligi Sindromi (OITS) degan umumiy nomga ega.

Yangi tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, bu kasallikni davolash uchun ishlatiladigan dorilar sog'lom odamni ham undan saqlar ekan.

20 yoshli Jeyms Krellenshteyn Nyu-Yorkda yashaydi. VICh va SPIDdan saqlanish uchun har narsaga tayyor.

“Bilmasdan ko’p ishlar qilib qo’yganman”, - deydi u.

“Endi qo’rquvdaman. SPIDga chalinsam, hayotim tamom bo’ladi. Bu virus jinsiy aloqa orqali yuqadi. Ichib olib, kayf bir holatda, kim bilan bo’lganimni bilmayman. Ahmoqlik qilganman, bu aniq. Shuning uchun virusning oldini oluvchi biror dori bormikan deb qidirishga tushdim”,- deydi Jeyms.

Jeyms bir tibbiy tajriba haqida xabar topdi. VIChga qarshi dorilar sinovi. Sog’lom odamlar uni ichsa, ta’siri qanday bo’lishini aniqlash amaliyoti.

Kasallik ustida 30 yildan beri izlanib kelayotgan doktor Antoni Fauchi deydiki, bu dorilar sog’lom organizmga zarar yetkazmaydi.

“Muolaja turlari yangilanib, o’zgarib bormoqda. Dorilarni mukammallashtirish harakatidamiz”,- deydi Fauchi.

Nafaqat virus, balki SPIDning o’ziga qarshi kuchli dorilar ham har ehtimolga qarshi keng ko’lamda ishlatila boshlagan.

Testdan o'tib turish kerak

Shu kungacha uch tadqiqot natijasi shuni isbotladiki, “Truvada” degan dori kasallikka chalinmagan, ammo bemorlarga yaqin yurgan odamlarni xavfdan himoya qiladi. Bu uzoq muddatni ko’zlovchi dori.

“PrEP” deb nomlangan muolaja turi esa Afrikada sinab ko’rilganida ijobiy natija bergan. SPID bilan kurashayotgan bemorlardan dard yaqinlarga, oila a’zolariga yuqmasligini ta’minlagan.

Doktor Raymond Martins Vashingtonda SPID markazini boshqaradi. Kasallik aniqlanishi bilan ko’riladigan choralardan biri - uning boshqalarga yuqtirilmasligi. "PrEP" bu borada juda qo’l kelmoqda, deydi u. Bemorlarga-ku, foydasi katta.

“Quvonmasdan bo’ladimi? VIChning yuqmasligi va uning tarqalmasligi uchun qancha kuchli choralar topilsa, shuncha yaxshi. Millionlab odam hayoti asrab qolinadi”,- deydi Martins.

Albatta bu 100 foiz kafolat emas. 62-73 foiz haqida gap ketmoqda.

"Truvada" degan dori "Gilead" kompaniyasi mahsuloti. AQShda ishlab chiqarilar edi. Endi esa butun dunyo bo'ylab o'z korxonalarini ochmoqda. Dori arzonroq bo'lishi uchun.

Bu dorilar arzon emas. Effevtiv, lekin juda qimmat.

Bir yillik muolaja minglab dollarga tushadi. Kasallik kambag’al davlatlarda avj olar ekan, bemorlar oldida imkoniyatlar juda kam. Xalqaro tashkilotlar yordam beradi. Farmatsevtika sanoati saxiylik qilib, dorilarni arzonlashtiradi. Masalan, “Gilead” kompaniyasi kuniga 21 sentga tushadigan dori taklif qilmoqda, hozircha eng arzoni.

“Gilead” Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik qiladi. Dorilar mamlakatlarning o’zida ishlab chiqariladi. SPID keng tarqalgan davlatlarda hukumatlar ularga eshik ochmoqda.

Qo’shma Shtatlarning o’zida ham dorilarni arzonlashtirish muhokamada. Bemorlarning aksariyati zarur muolaja uchun to’lay olmaydi. Maxsus dasturlar orqali davlatdan moliyaviy yordam oladi.

Kuniga bir marta ichiladigan dori

Bir oylik doza hozir 1500 dollar atrofida. Tibbiy sug’urta ham katta pul. Bemorlar ko’proq madad so’ramoqda.

Jeyms Krellenshteyn singari amerikaliklar baloning oldini olish uchun har qanday sinovga tayyor. Kasallikdan uzoq yursa bo’lgani.

Gomoseksual insonlar Amerika aholisining to’rt foizini tashkil etadi. Tibbiy maskanlarning ogohlantirishicha, ularning VICh va SPIDga chalinish ehtimoli boshqalarnikiga qaraganda 44 baravar yuqori.

“Do’stlarim ko’p hollarda prezervativ ishlatmaydi. Men shaxsan prezervativsiz jinsiy aloqa qilmaslikni shart deb bilaman. Chunki ehtiyotsizlik, loqaydlik faqat xavfga yetaklaydi”,- deydi Jeyms Krellenshteyn.

Yangi dori yoki muolaja topilgani albatta ijobiy yangilik, lekin shifokorlar virusdan saqlanishning oddiy yo’llarini unutmang deya maslahat beradi.

Brant Miller, SPIDga qarshi faol, prezervativ eng zarur talab deydi.

Himoya vositalarini unutmang, deydi shifokorlar

“Bu chora hamisha samara bergan va har ikki jins vakilini kasallikdan saqlab keladi. Dorilar ko’paysin, lekin gap kasallikni yuqtirmaslikda. Buning oddiy usullari bor”.

Jeyms Krellenshteyn o’z boshdan kechirganlari va tibbiy tajribalardan olgan bilimiga asoslanib, VICh va SPIDdan saqlanishni targ’ib qiluvchi yangi vebsayt – PEPNOW.ORG - ochgan. O’zimni bu balodan qanday asrashim mumkin degan savolga shu yerdan (ingliz tilida) javob olasiz.

“Shubhalanib, qo’rqib yuraversangiz, vaqtni boy berasiz",- deydi shifokor Martins.

"Erim, xotinim, yigitim yoki ma’shuqam virusga chalingan bo’lishi mumkin degan gumon paydo bo’lsa, darrov doktorga boring. Virus kutib o’tirmaydi. Lekin unga qarshi effektiv choralar bor”.

Kunda bir marta ichiladigan ko’k rangli mittigina tabletka sizni SPID epidemiyasidan saqlashi mumkin. Sizning mamlakatingizga yetib bormagandir, ammo shifokorlar bu tabletka haqida bilishi kerak.