O'zbekistonda “Hizb ut-Tahrir” guruhiga a'zolik gumoni bilan 16 odam hibsga olingan. Tashkilot Markaziy Osiyo va sobiq Sovet hududidagi aksar davlatlarda taqiqlangan, ekstremistik guruhlar ro'yxatiga kiritilgan, ammo Ukrainada rasman faoliyat yuritadi. Uning a'zolari “Hizb ut-Tahrir” ning Markaziy Osiyo bo'ylab man etilishida O'zbekiston hukumatini ayblaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bosh maqsadi xalifalik shaklidagi islomiy davlatni tiklash ekanligini ta'kidlab kelayotgan “Hizb ut-Tahrir” mintaqaning boshqa davlatlaridan farqli ravishda O'zbekistonda rasman faoliyatda bo'lmagan. Ammo Qozog'iston va Qirg'izistonda bu oqim qonunan bir muddat ishlagan.
So'nggi yillarda “Hizb ut-Tahrir” Markaziy Osiyo va Rossiyada butkul taqiqlandi, ekstremistik tashkilotlar safiga kiritildi.
“Hizb ut-Tahrir” ning Ukraina bo'limi axborot markazi rahbari Fazil Amzayev ayb O'zbekistonda, deydi.
“Hizbut ut-Tahrir” ni mintaqada, Rossiyada ham taqiqlash g'oyasi aslida O'zbekistonga tegishli. Rossiyada taqiqlanishi esa keyinchalik mintaqaning boshqa davlatlarida ham tazyiqlarni kuchaytirdi. Albatta, bu yerda AQSh tutgan o'rinni ham ta'kidlash kerak. Inson huquqlari ritorikasiga qaramasdan AQSh mintaqa tiranlari bilan hamkorlikda, tazyiqlarga ko'z yummoqda. O'zbekiston diniy e'tiqod cheklangan davlat sifatida belgilangan, ammo rasmiy tashriflar muntazam, e'tiqod erkinligi bo'g'ilishi hamkorlik rivojiga xalaqit berayotgani yo'q”, - deydi Fazil Amzayev.
Islomiy partiya vakili guruhning ekstremistik g'oyalar tarafdori ekani haqidagi da'volarni inkor etadi, tashkilot o'z maqsadiga zo'rlik bilan emas, targ'ibot va tashviqot yo'li bilan erishmoqchi ekanini aytadi.
Amzayevga ko'ra, “Hizb ut-Tahrir”ga qo'yilgan taqiq sababi aslida, aksariyat davlatlarning hamon kommunistik rejimdan qutulmagani bilan bog'liq.
“Sovet Ittifoqi parchalandi, davlatlar demokratik taraqqiyot, inson haqlari, so'z erkinligini ta'minlash yo'lini tanladi. Ammo, post-Sovet sindromidan qutulmagan davlatlar muxolifatni, so'z va e'tiqod erkinligini ta'qib qilishda davom etdi. Men faqat e'tiqod masalasini nazarda tutayotganim yo'q. O'zbekiston va Rossiya kabi davlatlar misolida nafaqat diniy qarashdagi, balki boshqa bir tusdagi muxolif qarashlar ham keskin tazyiq ostidaligini ko'rish mumkin. Ukraina shu sindromni yengib o'tishga bo'lgan harakati bilan ajralib turadi, chunki tashkilotimiz faoliyati Ukrainada ham tazyiqlardan mustasno bo'lmagan”, - deydi Amzayev.
“Hizb ut-Tahrir” O'zbekistonda rasman taqiqlangan bo'lsa-da, o'z faoliyatini to'xtatmagan. Bunga tashkilotga a'zolikda ayblanib qamashlar soni yana oshgani misol. Bosim sabab faoliyat haqida ochiq gapirilmaydi.
“Davlat tashkilotimizga nisbatan repressiyalar qo'llar ekan, biz faoliyatimizni davom ettiramiz. Lekin ochiq tadbirlar, muloqotlar o'tkazishni to'xtatganmiz. Chunki tashkilotning asosiy quroli bu dunyoqarash shakllanishi. Shu bois bugun o'zbek maxsus xuzmatlari “Hizb ut-Tahrir” a'zolarini hibs etdik, bu tashkilotni yo'qotdik deb bayonot berishar ekan, aslida bu tashkilot faoliyati mavjudligidan darak beradi”, - deydi Amzayev.
O'zbekistonda diniy hibslarning yangi to'lqini avjida. Ekstremizmga aloqadorlik, “Islomiy davlat” guruhiga xayrixohlikda gumonlanib olib ketilganlar soni 200 dan oshgan. Ular orasida “Hizb ut-Tahrir” oqimiga aloqador ko'rilayotganlar ham ko'p.
Hukumat bu oqim a'zolarini ham “Islomiy davlat” guruhiga yaqin ekstremistik guruh sifatida baholaydi. “Hizb ut-tahrir” esa buni inkor etadi.