Kontrabanda bilan AQShga kelgan meros o'z yurtiga qaytadi

  • Amerika Ovozi

AQShga salkam 10 yil avval o’g’irlikcha keltirilgan to’rt mingdan ortiq qadimgi arxeologik topilmalar Iroqqa qaytarilmoqda. Bu bebaho buyumlarni Amerikaga kontrabanda yo’li bilan yirik do’konlardan biri keltirgan. 2017-yilning iyul oyida AQSh Adliya vazirligi “Hobby Lobby” kompaniyasini sudga berib, uch million dollar jarima to’lashga hamda buyumlarni Iroqqa qaytarishga majburlagan.

Mixxat - qadimgi Mesopotamiyada mix yoki ponachalarga o’xshash chiziqcha, belgilarni loy taxtachalarga o’yib tushirilgan yozuvlar aks etgan arxeologik topilmalar Iroqdan o’g’irlanib, kontrabanda yo’li bilan AQShga olib kelingan.

Bunday bebaho qazilmalarni vatanga qaytarish Iroqning AQShdagi elchisi Farid Yasin uchun nafaqat tarixga nisbatan adolat, qolaversa terrorizm va global jinoyatchilikka qarshi kurash hamdir.

“Ko’hna buyumlar madaniy merosini qadrlaydigan xalqqa, o’zining tabiiy joyiga qaytarilmoqda. Bu nafaqat adolat qaror topishiga, balki jinoiy va terrorchi to’dalarga qarshi kurashga yordam bermoqda, bu to’dalarning pul ishlashiga halaqit bermoqda”, - deydi u.

AQSh federal prokurorlariga ko’ra, san’at va hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qiluvchi “Hobby-Lobby” do’konlar tarmog’i 2010-yilda Vashingtonda qurilayotgan Injil muzeyida ko’rgazmaga 5000 dan ziyod buyumlarni qo’yish uchun bir yarim million dollar to’lagan edi. Buyumlar oddiy kafel namunalari sifatida qadoqlanib, bir qancha davlat orqali noqonuniy yo’llar bilan “Hobby Lobby”ga yetkazilgan.

Ularning Iroqdagi muzey va arxeologik inshootlardan o’g’irlangani ehtimoli haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan do’kon egasi Injil muzeyi bilan kelishuvni bekor qilmadi.

“Natijada AQSh Adliya vazirligi bu ishga aralashib, san’at asarlarini musodara qilishga qaror qildi. Immigratsiya va bojxona xizmati bilan hamkorlikda qildik bu ishni. Biz bu buyumlarni tortib olibgina qolmay, “Hobby-Lobby” uch million dollar jarima to’lashga, qo’shimcha narsalarni topshirishga, shuningdek, 18 oy mobaynida maxsus nazorat ostida bo’lishga rozi bo’ldi”, - deydi huquqshunos Richard Donaxyu.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tergovchisi Jon Labat ham taftishda ishtirok etgan.

“Qora bozorga o’ralashib qolganlar ularning ketiga tushishimizni, ularni javobgarlikka tortishimizni, ashyolarni esa qaytarishga majbur bo’lishlarini bilishlari kerak”, - deydi u.

O’g’irlangan arxeoligik qazilmalar Iroqqa qaytarilgach, Iroq Milliy muzeyida yana ko’rgazmaga qo’yilishi ko’zlanmoqda.