Texasda yomg’irlar tingan bo’lsa-da, to’g’on va daryolar yaqinidagi mahallalar hanuz toshqin xavfidan xoli emas. Janubiy shtatning Xyuston shahri o’z tarixidagi eng dahshatli dovul bilan yuzlashdi, 30 dan ziyod odam halok bo’lgan. Turli shaharlardan kelgan ko’ngillilar o’z qayiqlarida jabrdiydalarga yordam ko’rsatmoqda.
Ko’ngillilar suv bosgan mahallalarni kezib, uyini tark etishga ulgurmagan odamlarni qidirmoqda.
“Shahar markaziga borib, uyini tark etishga ulgurmagan odamlarni qutqardik”, - deydi Piter Chau.
U vyetnamlik muhojirlar farzandi. Volontyorlar bir-birini tanimaydi, lekin oiladekmiz, deydi Chau.
“Qaysi millat, irq vakilisiz, buning ahamiyati yo’q. Bir-biriga yordam berayotgan texasliklarmiz”, - deydi Piter Chau.
Debbi Vinters toshqinda bor-butidan ayrildi.
“Suv uyning ikkinchi qavatigacha ko’tarildi, uchinchi qavatga chiqib omon qoldik. Biz ketgandan keyin erim uyni qo’riqlash uchun qoldi. Uni qayiqlarda qutqarishdi”, - deydi ayol.
Ba’zilar aynan o’g’ri-talonchilardan xavotirlanib, uyini tark etmayapti.
“Uyining ikkinchi qavatida o’tirgan odamlarni uchratdik. Yordamni rad etishdi, nachora”, - deydi ko'ngilli Jastin Albert.
Xyustonning shimoliy qismi deyarli butunlay evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar mana bu uydan ikki itni topishdi.
“Televizorni tomosha qilsangiz, nuqul salbiy yangiliklar. Ammo fojia yuz berganda biz amerikaliklar bir yoqadan bosh chiqara olamiz”, - deydi Albert.
“Demokrat va respublikachilar, sud va ijroiya organlari, siyosatchilarimiz birga ishlashni bizdan o’rgansa bo’lardi. Oddiy odamlarmiz, to’qqizdan beshgacha ishlaymiz, oila boqish kerak. Lekin musibat yuz berganda birlashdik”, - deydi ko’ngillilardan biri.
Toshqindan tiklanish, uylar, maktablar va Xyuston infrastuzilmasini qayta qurish uchun milliardlab dollar talab qilinadi.