Xalqaro huquq tashkilotlari O’zbekistonda majburiy va bolalar mehnatini tugatishda faolroq harakat qilishni so’rab, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonga xat yo'lladi.
O'zbekiston bu kabi illatga barham berish haqidagi xalqaro qonunlarga imzo chekkan va unga amal qilishi shart; 2012-yilgi paxta terimi mavsumini kuzatish uchun hukumat Xalqaro Mehnat Tashkilotini taklif qilsin, deyiladi nomada.
Unda aytilishicha, rahbariyat bunday ekspluatatsiya boshida turadi; dehqonlardan paxta yetishtirishni talab qilib, hokimiyatlar boshlang’ich, o’rta va katta sinf o’quvchilarini, shuningdek, talabalarni dalalarga haydaydi. O’tgan yillarda bo’lgani kabi 2011-yilda ham ayni holat kuzatilgan, deydi nohukumat tashkilotlar koalitsiyasi vakillari.
UNICEF, AQSh Davlat departamenti, mahalliy kuzatuvchilar va O’zbek-Germaniya Inson huquqlari forumining bildirishicha, Andijon, Buxoro, Jizzax, Farg’ona, Qashqadaryo, Xorazm, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida paxta terimiga chiqqan bolalar orasida 10 yoshlilar bo’lgan.
Huquq faollari, xalqaro tashkilotlar, libossozlik sanoati, savdo va sarmoya sohasi vakillaridan iborat koalitsiya xatiga qaraganda, O’zbekiston hukumati 2012-yilda ham bolalar ekspluatatsiyasi va majburiy mehnatni yo’q qilish yo’lida biror sa’y-harakat ko’rsatmagan.
Joriy hafta Amerika-O’zbekiston Tijorat Palatasi esa Amerika rahbari Barak Obamaga Chikagoda NATO sammiti paytida O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashishni tavsiya qilib chiqqan edi.
Guruh Obama va Klintonga alohida maktub jo’natib, mazkur uchrashuv AQSh bizneslariga O’zbekistonda kengroq imkoniyat ochib berishi mumkin, degan. Respublika butun mintaqa xavfsizligi va barqarorligida muhim rol o’ynaydi, deyiladi xatda.