2010-yilda ekstremizmda ayblanib olti yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Xayrulla Hamidovning O'zbekiston prezidenti tomonidan avf etilib, ozod qilinganini olqishlar ekan, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti panjara ortida o'tirgan boshqa begunoh faol va taqvodorlarni ham qo'yib yuborishga chaqirmoqda. HRW nazarida ular aksariyat hollarda fikri va qarashlari uchun qamalgan.
Xayrulla Hamidov oilasining bag'riga qaytdi, uning diniy va jurnalistik faoliyati bilan tanish insonlar shuni biladiki, bu shaxs avvalambor hech qachon qamalmasligi kerak edi, deydi HRW ning Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow). Hamidovning qamalishi adolatsiz ish bo'lgan, deydi u. 2014-yilning oxirida chiqargan hisobotida HRW Xayrulla Hamidovni 34 siyosiy mahbusdan biri deya ko'rsatgan edi.
39 yoshli sobiq mahbus - jurnalist, sport sharhlovchisi, shuningdek, she'r va diniy chiqishlari bilan nom qozongan shaxs; bir necha nashr va dasturlar ortida turgan mutaxassis. Bugunga kelib u ishlagan, yuritgan va tahrir qilgan biror jurnal, gazeta yoki eshittirish qolmagan. Minglab muxlislar uning din va hayot haqidagi eshittirishlarini internet orqali tinglaydi.
Yosh jurnalistning diniy-tahliliy ma'ruza va materiallari tezlikda tarqalar ekan, Milliy xavfsizlik xizmati uning ketiga tushib, Hamidovni hukumat tomonidan ekstremist deya tamg'alangan imomlardan biri Abduvali qori Mirzayev izdoshi sifatida gumon qilib, unga qarshi ayblovlar bilan chiqqan.
Hamidov 14 fuqaro qatorida yopiq sudda javobgarlikka tortilgan. Bu shaxslar Jihodchilar degan guruh a'zolari deya e'lon qilingan, biroq bu tashkilot aslida yo'q, deydi huquq faollari.
Hamidov Navoiy viloyatidagi Qiziltepa koloniyasida jazo o'tagan. Prezident Islom Karimovga kechirim so'rab to'rt marta murojaat qilgan va shu tariqa o'ziga qo'yilgan ayblovlarni bo'yniga olgan.
O'zbekiston qamoqxonalarida soxta va bo'rttirilgan ayblovlar bilan minglab odamlar o'tiribdi va ularning ishi qayta ko'rib chiqilishi kerak, deya undab keladi HRW.
Ular asosan konstitutsion tuzumga tahdid solganlik, man etilgan diniy-ekstremistik tashkilotlarga a'zolik hamda taqiqlangan adabiyotlar va materiallar tarqatganlikda ayblanib sudlangan. Hukumat ularni jinoyati isbotlangan odamlar, jazosini o'tayotgan jinoyatchilar deb hisoblaydi.
Huquq tashkilotlari, jumladan HRW nazarida ular repressiya qurboni, siyosati tanqid qilinishini xohlamaydigan va har qanday tanqidiy fikrni kuch bilan bostirishga bel bog'lagan tuzum nishoniga uchragan fuqarolar.
HRW O'zbekistonda ekstremist qarashdagi odamlar borligini tan oladi, lekin xavf darajasi hukumat tomonidan oshirib ko'rsatiladi, deya qayd etib keladi.
O'zbekistonning G'arbdagi hamkorlari, xususan, Amerika va Yevropa Ittifoqi muayyan shartlar asosida adolat ta'minlanishini talab qilishi kerak, deydi Sverdlov.
AQSh Kongressiga taqdim etiladigan yillik hisobotlarda Davlat departamenti O'zbekistonni huquq eng cheklangan jamiyatlardan biri deya ta'riflaydi. Biroq Obama ma'muriyati o'zaro manfaatlar yo'lida Islom Karimov boshliq hukumat bilan hamkorlik qilib keladi.
HRW BMT Inson huquqlari kengashi qoshida O'zbekiston bilan shug'ullanuvchi maxsus guruh tuzishni taklif qilmoqda. BMTning huquq bo'yicha maxsus vakillari respublikaga borib, vaziyat bilan bemalol tanisha olsin, deya undaydi tashkilot.