AQShda asoslangan va dunyo bo’ylab inson huquqlarini targ’ib qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti O’zbekiston bo’yicha yillik hisobotini chiqarganidan beri Vashingtonda bu masalaga e’tibor oshgan.
Ochiq Jamiyat Instituti yetakchi mutaxassisi Jeff Goldshteyn deydiki, Afg’oniston bo’yicha hamkorlikka zo’r berayotgan Amerika O’zbekistonda huquq muntazam ravishda buzilayotganiga ko’z yuma olmaydi.
Yaqinda AQShning chet eldagi elchilarini Vashingtonga to’plagan Davlat kotibasi Xillari Klinton ularga Amerikaga xos qadriyatlar, ayniqsa, erkinlikni keng targ’ib qilish borasida ko’rsatmalar berdi. Shunday ekan, deydi Goldshteyn, Obama ma’muriyati uzoqni o’ylab ish tutishi kerak.
Husniddin Qutbiddinov O’zbekistonda tanqidiy maqolalari bilan tanilgan jurnalist, "Ozodlik" radiosi va "Associated Press" axborot agentliklariga ishlagan, o'tgan yillar ichida yana ko'plab nashrlar va axborot vositalari orqali xabarlar uzatgan. Yaqindan beri u AQShda yashaydi.
Ochiq Jamiyat Institutida yig'ilgan diplomatlar, jurnalistlar, tahlilchilar va siyosiy idoralarning vakillari oldida u vatandagi holatni izohlab berdi. Amerika O’zbekistonga bosim o’tkazishi kerak, deydi u. Qanday qilib?
Husniddin Qutbiddinov "Ozodlik" radiosi va "Associated Press" axborot agentliklariga ishlagan
"Hammamiz bilamizki, Rossiya sobiq Sovet hududida eng qudratli, eng katta ta’sirga ega davlat. O’zbekistonni eng ko’p bezovta qilayotgan davlat ham Rossiya. O’zbekiston hukumati vakillariga qaraganda yoshroq bo’lgan Rossiya hukumati vakillari O’zbekistonga buyruq berishga, unga ta’sir o’tkazishga harakat qiladi. Rossiya odatda gapirgan gapi qilinishiga o’rgangan. Sovet paytidan qolgan odat. Lekin O’zbekistonning ham o’ziga yarasha ambitsiyasi bor. O’zbekistonning qarib qolgan hukumati Rossiyaning yosh boladek hukumatining buyrug’ini bajarishni xohlamaydi. Shuning uchun ularga Amerika kerak. Amerikaning borligi Rossiyani O’zbekiston bilan bir oz boshqacha pozitsiyadan turib gapirishga majburlaydi. Amerika buni bilishi kerak, biladi ham va shuning uchun ham O’zbekistonga o’ziga yarasha shartlarni qo’yishi kerak.
Xo’sh, biz senga Rossiya bilan aloqani tekislash uchun vosita bo’lib berayapmizmi, demak, sen ham biz xohlaydigan ba’zi bir shartlarni bajarishing kerak deyishi kerak. O’zbekiston bajaradi, iloji yo’q.
Xillari Klintonning borishiga Norboy Xoljigitovni qo’yib yubordimi, yubordi. Yusuf Jumadek qo’yib yuborishi qiyin bo’lgan odamlarni qo’yib yubordi… Xillari Klintonning kelishiga shuncha… Hammamiz xursand bo’ldik, chapak chaldik. Klinton keldi-ketdi,
Human Rights Watch haydab yuborildi O’zbekistondan",- deydi jurnalist.
Amerika rasmiylari O’zbekistonga "aql o’rgatish" va uni "urushish" samara bermaydi deydi. Aloqalar uchun mas’ul Davlat departamenti nazarida muntazam muloqot orqali vaziyatni yaxshilash mumkin. Husniddin Qutbiddinov fikricha esa quruq gapdan amaliy qadamga o’tish payti yetdi.
Islom Karimov va Dmitriy Medvedev, 13-iyun, 2011
"Amerika O’zbekistonda inson huquqlari bu qadar, bu qadar buzilishini to’xtatishni talab qila olishi mumkin. Hozir O’zbekistonga judayam kerak Amerika, shuningdek Yevropa... Birinchi navbatda, prezidentning ikkita qizi uchun kerak Yevropa. Ular o’sha yerda yuribdi. Ular Yevropada qasrlar sotib olayapti. Ular yashashi kerak u yerda. O’zbekiston uchun har qanday davlat bilan aloqaning yaxshilanishi faqat bitta odam va bir oilaning manfaati uchun kerak. Bu oila uchun shu kerakmi, demak, Yevropa uchun mana bu narsa kerak.
Shu narsani qil, marhamat, aloqalar zo’r bo’ladi. O’tiraver o’sha yerda chirib ketguningcha taxtingda, lekin muhimi mana bu narsani qil. Mana shunday shartda gaplashishi kerak O’zbekiston bilan. O’zbekiston boradi shunday shartlarga. Iloji yoq, chunki. Yo’q desa, Rossiyaga borishi kerak. Rossiyaga
yo’q deya olmaydi. Rossiya hech qachon O’zbekistonning kayfiyatiga qarab gaplashmaydi. Rossiyaning o’z ambitsiyalari bor. O’z qarashi bor. O’sha pozitsiyadan gaplashadi. O’zbekistonga bu kerak emas",- deydi jurnalist.
Vashingtonda keng tarqalgan qarash shuki, ayni damda AQSh O’zbekistonga emas, O’zbekiston AQShga ko’proq kerak. Shu bois, hamkorlik shartlarini Toshkent qo’ymoqda, Vashington emas. Xalqaro huquq himoyachilari va suhbatdoshimiz Husniddin Qutbiddinov bu fikrdan yiroq. Afg’onistonga yuk olib o’tish ruxsat berib, O’zbekiston katta daromad olmoqda, huzurini esa hukmron doira ko’rmoqda xolos, deydi ular.
"Xo’p, Afg’onistonda muammo bor... Lekin O’zbekiston uchun ham Amerika kerak. Afg’oniston tufayli emas, O’zbekistondagi ba’zi elitaning ba’zi bir manfaatlari uchun kerak. Amerika buni juda yaxshi biladi, demak, foydalansin. O’zbekiston Amerikadan foydalanayaptimi, Amerika ham foydalansin. Shartlarini qo’yishi kerak, aks holda Amerika ham O’zbekistonda sodir etilayotgan jinoyatlarga sherik bo’ladi",- deydi jurnalist.
Obama ma’muriyati O’zbekistonga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirish bilan ovora ekan, respublika ahli orasida Amerikaning nufuzi tushib bormoqda, deydi Husniddin Qutbiddinov.
"Hozir oddiy xalq orasida Amerikaga nisbatan munosabat juda yomon. Chunki ko’rib turishibdi. Amerika, Amerika dedik, nima bo’ldi? Ana Navro’z bayramida prezident bilan raqsga tushayapti Amerikaning elchisi deyapti. Faqatgina kichik bir doira uchun qilinadigan konsertda Amerikaning elchisi raqsga tushayapti. Oddiy xalq nima qilayapti bu paytda, xudo biladi. O’sha bayram kuni dasturxonga qo’ygani noni bormi yo’qmi, buni xudo biladi",- deydi jurnalist.
Amerika, deydi Husniddin Qutbiddinov, qat’iy va prinsipial harakat qilishi kerak. Axir bu erkinlikni bayroq qilgan jamiyat, insoniy qadriyatlarni har narsadan ustun qo’yadigan jamiyat, deydi u.
"Amerika shunday tanilgan dunyoga. Bu prinsipni o’zgartirish Amerikaga foyda emas. Besh minutli manfaat uchun obro’ni yo’qotishning keragi yo’q",- deydi jurnalist.