Xalqaro Valyuta Fondi rahbari Kristin Lagard bugun Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi paytida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuv juda ijobiy ruhda kechdi, deydi diplomatlar.
Lagard fikricha, Mirziyoyev o'z mamlakatida islohotlar boshlab, jasur lider ekanini ko'rsatgan. Valyuta konvertatsiyasini erkinlashtirish, uning nazarida, ayni muddao va bu yo'lda uning tashkiloti O'zbekistonni yaqindan quvvatlaydi.
Lagard Mirziyoyevning qo'shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlayotganini ham maqtadi.
"Mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyodagi eng og'ir masalalarni, jumladan suv resurslari taqsimotini tuzatishda hamda transport sohasini takomillashtirish uchun o'ta zarur", - dedi jamg'arma rahbari.
"O'zbekistonning islohot yo'li uzun va qiyin bo'lishi aniq. Bu murakkab jarayonda fondimiz respublikaga ko'maklashib, iqtisodiy o'sishni ta'minlash va xalq turmush darajasini ko'tarishda o'z hissasini qo'shadi".
Mirziyoyev Nyu-Yorkda BMT rahbariyati, tashkilot agentliklarining boshliqlari hamda Amerika biznes ahli bilan muloqot qilmoqda.