Hindiston va Pokiston o'rtasidagi iliqlashuvning ilk qadamlarimi?

  • Amerika Ovozi

Hindiston - dunyodagi eng katta bozorlardan biri

Pokiston Hindistonga savdo sohasida “Eng imtiyozli davlat” maqomini berdi. Tadbirkorlarga qaror ma’qul. Tahlilchilar fikricha, jiddiy o’zgarish ikki an’anaviy raqib o’rtasida yangi davrni boshlab bersa, ajab emas.

Pokistonlik tabdirkorlar xursand. Ular Hindiston bilan savdo aloqalari bundan buyon rivojlanadi, demoqda. Ayniqsa, to’qimachilik sohasida.

Savdogarlar Pokiston-Hindiston aloqalari yaxshilanayotganidan mamnun

Amin Xashvani, Pokiston-Hindiston Biznes forumi prezidenti.

”Pokiston nuqtai nazaridan, bizning bozordan 8-9 barobar kattaroq bozor endi bizga muntazir. Demak, Pokiston Hindistonga qaraganda ko’proq foyda ko’radi. Eksport sohasida biz bir xil imkoniyatlarga egamiz. Pokistonda to’qimachilik sanoati rivojlangan, Hindistonning bozori katta. Demak, biz taxminan ikki milliard dollarga teng mahsulot eksport qila olamiz”, - deydi Xashvani.

Hindiston ham Pokistonga “Eng imtiyozli davlat” maqomini bergan. Bu muhim mavqe hukumat tomonidan belgilanadi, savdo va sarmoya sohasida jiddiy imtiyozlarni anglatadi.

Janubiy Osiyoning ikki eng yirik davlati mustaqil bo’libdi-ki, Kashmir ustidan kelisha olmaydi. Boshqa muammolar va nozik masalalar ham talaygina. Islomobod va Dehli bir-biriga shubha bilan yondashadi. Aynan shu sabab, savdo-sotiq sohasi yetarli darajada rivojlanmagan. Rasmiy Dehli Pokiston eksportini cheklab kelgan, Islomobod esa shu paytgacha Hindistonga imtiyozlar bermayotgan edi.

Hindiston Tijorat vaziri Anand Sharma (chapdan) Pokiston Tijorat vaziri Maxdum Amin Fahim bilan

Amin Xashvani kabi tadbirkorlar endi vaziyat o’zgarishiga umid qiladi:

”Muhimi shuki, Hindiston Markaziy banki ham cheklovlarni bekor qilishi kerak. Ular hind kompaniyalariga Pokiston bilan qo’shma korxonalar tuzishni man etadi. Savdo rivojlanishi bilan birgalikda sarmoyalar ham olib kelinsa, har ikkala taraf foyda ko’radi. Milliardlab dollar daromad olish mumkin. Savdo hajmi kamida 4-5 barobar ko’payadi”,- deydi tadbirkor.

Ekspertlar fikricha, savdo sohasidagi iliqlashuv boshqa – siyosiy masalalarning hal etilishiga olib kelishi mumkin. Sarang Singx Dehlidagi Javoharlal Neru nomli universitet professori:

”Savdo sohasi foyda ko’rishi aniq. Ikki tomonlama aloqalar murakkab bo’lsa, yaqinlashuv odatda aynan savdo sohasidan boshlanadi. Shu sababli men bu o’zgarishni juda muhim deb hisoblayman va qator boshqa ijobiy tashabbuslarga turtki bo’lishiga umid qilaman”, - deydi professor.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Shri S.M. Krishna va Pokiston tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar

Hindistonni “Eng imtiyozli davlat” deb belgilagani uchun Pokiston hukumatini tanqid qilayotganlar ham yo’q emas. Ibrohim Xon “Jamoati Islomiy” partiyasining Pokiston Senatidagi vakili:

“Hindiston bilan chigal masalalar bor ekan, uni siylash noto’g’ri. Endi hech narsa hal etilmaydi. Hukumat Pokiston manfaatlari va foydasi haqida o’ylamay ish tutdi”, - deydi Ibrohim Xon.

Rasmiylar tanqidlarni asossiz demoqda. Tashqi ishlar vazirligi vakili Taxmina Jonjua Kashmir va boshqa masalalarda Pokiston yondashuvi o’zgarmaganini aytadi:

”Pokiston va Hindiston do’stona munosabatlar mintaqa taraqqiyoti va ikki xalq farovonligi uchun nihoyatda muhimligini e’tirof etadi”, - deydi rasmiy.

Oradagi savdo hajmi 2 milliard AQSh dollari atrofida. Pokistonning bundagi ulushi bor-yo’g’i 14 foiz. Yaqinda ikki davlat tadbirkorlar uchun viza olish qoidalarini osonlashtirdi. Taraflar kelasi uch yilda savdo-sotiq hajmini 6 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi.