E’tiqodlararo totuvlikni targ’ib etuvchi yangi oliygoh

  • Amerika Ovozi

E’tiqodlararo totuvlikni targ’ib etuvchi yangi oliygoh

Kaliforniya shtatida diniy totuvlikni madh etuvchi ilk oliygoh o’z eshigini ochdi.

Klermont-Linkoln Universiteti - nasroniy, musulmon va yahudiy tashkilotlarning qo’shma loyihasi. Uchala din vakillarini birgalikda o’qitadi.


Turli konfessiyalarni jamlagan akademik dargoh bu. Diniy ta’limot bobida o’ziga xos, yangi model.

Talabalar bu yerda dinshunoslik, xususan islomshunoslik bo’yicha magistrlik diplomini qo’lga kiritishi mumkin. Universitetga asos solgan tashkilotlar bu - Klermont Ilohiyot maktabi, Kaliforniya Yahudiylar diniy akademiyasi va Kaliforniya janubidagi Islomiy markazdir.

Ularning biriga qatnagan bo’lsangiz, boshqalarida ham bemalol dars olishingiz mumkin.

Islomiy maktab endigina ish boshlayapti. Imomlarni tayyorlaydigan dasturga kelasi yildan yozilsa bo’ladi.

Deyvid Linkoln - Klermont-Linkoln oliygohining boshqaruv kengashi raisi. Rafiqasi bilan birgalikda loyiha amalga oshishi uchun 50 million dollar hadya qildi.

E’tiqodlararo totuvlikni targ’ib etuvchi yangi oliygoh

“Turli dinlar bir-biriga adovat ko’zi bilan qaramasdan, tinchlikni targ’ib qilishi kerak. Bugungi zamonda shuning aksi bo’layapti. Muammolarga yechim bilan chiqish o’rniga bir-birimizga tosh otish bilan mashg’ulmiz”, - deydi u.

Jerri Kembell - Klermont Ilohiyot maktabi prezidenti. Yangi o’quv dasturi Amerikani xavfdan asrashga yordam beradi, erkinlik va demokratiyani mustahkamlaydi, deydi u.

“Qo’shnilar bir-biri bilan kelisha olmagan mahallada tinchlik bo’ladimi? Xilma-xillik bu jamiyatning negizi axir”.

Jihod Turk - Janubiy Kaliforniya islom markazining diniy masalalar bo’yicha direktori. Yangi loyiha ayniqsa amerikalik musulmonlar manfaati uchun xizmati qiladi, degan fikrda.

Jihod Turk

"Dunyo hamjamiyatiga namoyish etayapmizki, Qo’shma Shtatlar musulmon dunyosi yoki islom diniga qarshi kurash olib borayotgani yo’q. Ham xususiy sektor, ham hukumat quvvatlovi shundan darak berib turibdi. Jamoamiz tinchlik va hamjihatlikni qadrlaydi”, - deydi markaz vakili.

Universitet ochilish marosimida Ibrohim Rasul, Janubiy Afrikaning AQShdagi elchisi so’zga chiqdi. Ekstremizm va fundamentalizmning da’vosi – diniy birdamlik, deydi diplomat mehmonlarga murojaatida.

“Alloh nomidan gapirayotganini da’vo qiladiganlar har yerda topiladi. Mo’tadil musulmonlar tashabbusni qo’lga olishi kerak. Fundamentalizm tarafdorlari qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q”.

Klermont-Linkoln Universiteti endi ish boshlar ekan, dunyodagi jamiki e’tiqodlar uchun ochiq.

Sal avval Jeinshunoslik xalqaro maktabi bilan hamkorlik borasida bitim imzolandi. Studentlar almashinuv dasturlari va seminarlarda ishtirok etadi. Jeinlar Hindistondagi kastalardan biri.

Jerri Kembellning aytishicha, Klermont-Linkoln Universiteti ayni paytda bahaylar bilan ham hamkorlik to’g’risida gaplashmoqda. Maqsad – turli konfessiyalarni birlashtirib, din mehr-muruvvat, hamdardlik va tinchlik manbai ekanini targ’ib etish.