Eronda 2-mart kuni o'tgan parlament saylovlarida nomzodini qo'ygan odamlarning aksariyati konservativ qolipdagi odamlar.
Prezident Mahmud Ahmadinajod va mamlakat oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneyi o’rtasidagi tafovutlar - saylov natijasini hal qiladigan faktor deb qaralmoqda.
Dastlabki natijalarga ko'ra, Xomeneyining tarafdorlari - asosiy g'oliblar.
Ahmadinajodning singlisi Parvin Garmsar shahridan o'z nomzodini qo'ygan, ammo saylana olmagan.
“Bu poygada faqat bir tomon go’lib chiqishi mumkin. Oyatulla boshchiligidagi diniy konservatorlar”, - deydi britaniyalik olim Shashank Joshi.
Eronni 2009-yili larzaga keltirgan norozilik namoyishlaridan beri ilk saylov bu. Muxolifat, ya’ni “Yashil Harakat” yetakchilari Mir Husayn Musaviy va Mahdi Karrubiy fikricha, natija bu safar ham soxta bo’lishi aniq. Ular parlament saylovlarini boykot qilishga chaqirgan.
Tahlilchi Joshi fikricha, “Yashil Harakat” dan hech narsa qolmadi hisob. Ommaviy chiqishlar bo’lishini kutmasa ham bo’ladi.
“Xalqaro hamjamiyat talablariga qarshi turib bergani, G’arb va Isroilni ayovsiz tanqid qilgani Ahmadinejodga qo’l keldi. Bu siyosat davom etadi”, - deydi Joshi.
Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko’ra, saylov arafasida muxolifat va internetga bosim kuchaydi.
“Chunki Twitter, Facebook va YouTube singari aloqa vositalari ommani oyoqqa turg’aza olishini hukumat yaxshi biladi”, - deydi tashkilot vakili Dreveri Dayk.
Uning aytishicha, Eronda repressiyaga asoslangan tuzum uzoqqa bormasligi ko’pchilikka ayon. Parlamentga saylanayotganlar xalq kayfiyatidan boxabar bo’lishi lozim. Chunki kelasi yili prezident saylovlari kutilmoqda.
Eron parlamenti 290 o'ringa ega. Poygada qariyb 3,5 ming nomzod qatnashyapti. 48 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Saylov byulletenlari qo'lda sanaladi.