Xitoy hukumati Eron yadro dasturi bobida erishilgan so’nggi bitimni olqishlamoqda. “Boyitilgan uranni Turkiyaga uzatib, evaziga yonilg’i olish taklifida jon bor”, - deydi bu davlat rasmiylari.
Ammo Qo’shma Shtatlar tashabbusga shubha bilan qaramoqda. Tehronga sanksiya qo’yish masalasi hamon kun tartibida.
Eron Turkiyaga 1200 kilogram quyi darajada boyitilgan uran jo’natmoqchi. Bu davlat tasarrufidagi uran rudasining deyarli yarmi. O’z navbatida islomiy respublika boyitilgan yonilg’i bilan siylanadi. Bu modda tibbiy tadqiqotlar uchun qo’llanishi kerak.
Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs Turkiya va Braziliya undovi bilan erishilgan bitim samara beradi degan umidda.
Biroq Tehron uranni boyitish dasturidan voz kechmas ekan, AQSh pozitsiyasi o’zgarmaydi va BMT Xavfsizlik Kengashida Eronni yana sanksiya bilan jazolash muhokamasi davom etadi.
AQSh nazarida yangi bitim xalqaro hamjamiyat, xususan BMT atom agentligi tomonidan tekshirilishi kerak. “Ba’zilar bu tashabbusni olg’a qadam deb ta’riflamoqda, buni vaqt ko’rsatadi”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Filipp Krouli.
Obama ma’muriyati bitimga hissa qo’shgan Turkiya va Braziliya rasmiylari bilan alohida gaplashib olishi kutilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ramin Mehmonparast so’zlariga ko’ra, G’arb atayin har xil bahonalar o’ylab topib, yadro dasturi atrofidagi mojaroni yechishdan qochmoqda.
“Holbuki, AQSh, Rossiya, Fransiya va BMT Atom agentligidan birgina qadam lozim xolos. Bitimni tan olishsin”, - deydi Mehmonparast.
G’arb Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi. Biroq Tehron yadroviy izlanishlari faqat tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlaydi.