Eron xalqaro hamjamiyat bilan yadroviy dasturi haqida yangi muzokaralar boshlashga tayyor, lekin buning uchun shartlari borligini eslatmoqda.
Muzokaralar Venada 15 noyabrda boshlanishi kerak, ammo BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya Tehrondan har kuni turlicha bayonot olmoqda.
Kecha prezident Mahmud Ahmadinajod davlat telekanalida so’zlab, “Eron hech kimga bosh egmaydi, bu muzokaralar biz aytgandek kechishi kerak”, dedi.
Ahmadinajod deydiki, Eron BMT atom agentligiga o’z shart va takliflari bitilgan maktub yo’llagan. Venadagi uchrashuv adolat va hurmatga asoslangan holda kechishi kerak. G’arb o’z pozitsiyasini aniqlashtirsin, deydi Eron prezidenti.
Ahmadinajodning maslahatchisi Ali Akbar Javonfikr Fors Axborot Agentligiga bergan intervyusida, Eron G’arb bilan faqat atom dasturi emas, Isroil haqida ham gaplashmoqchi, degan. Isroil yadroviy qurollarga ega-ku, G’arb bu borada nima qilayapti, deya so’raydi u.
Eron sobiq prezidenti Abulhassan Bani Sadr hozirda Fransiyada yashaydi. Uning nazarida Eron bunday chiqishlari bilan G’arbni murosa qilishga ko’ndirmoqchi. Lekin G’arb Ahmadinajodning talabu bayonotlarini pisand qilmay qo’ygan.
Eron prezidenti o’z mamlakatida ham keskin tanqid va bosim bilan yuzlashmoqda, deydi keksa arbob. Uni bo’shlikda, zaiflikda ayblashayapti. Yaqinda Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Hominiy Qom shahrida ma’ruza qilar ekan, G’arbni qoralab, mamlakat unga aslo bosh egmasligi kerak degan.
Ahmadinajod kun ora biror yangi gap bilan chiqib, odamlarga “mana biz o’z pozitsiyamizga egamiz” deb ko’rsatmoqchi, deydi sobiq prezident Abulhassan Bani Sadr.
Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda gumon qilayotgan G’arb bu mamlakat ketma-ket sanksiyalarga qaramay uranni boyitishda davom etayotganidan xavotirda. Tehron bu dasturdan maqsad atom energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish deb keladi. Lekin xalqaro maydonda bunga ishonch past.