Eron va Saudiya Arabistoni azaliy raqib, Suriyada va boshqa nuqtalarda bir-biri bilan urushayotgan turli taraflarni qo’llab-quvvatlab keladi. So’nggi paytlarda bu ziddiyat kuchaygan.
Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy qirollik rahbarlarini o’tgan yili haj paytida odamlar o'limiga sabab bo'lgan fojianing oldini ololmagani uchun tanqid qildi. Eronparast matbuot esa Yamanda Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya qo’shinlariga qarshi kurashish uchun iroqlik shialar “ko’ngillilar”ni jo’natayotgani haqida xabar berdi.
Seshanba kuni Eron davlat televideniyesi o’tgan yilgi haj paytida nobud bo’lgan qurbonlar haqida video lavhani efirga uzatdi, Saudiya Arabistonini fojiaga mas’ul taraf deb ko’rsatdi. Tehronga ko’ra, nobud bo’lganlar orasida yuzlab eronliklar bo’lgan, Saudiya rahbariyati esa qurbonlar sonini aniq aytmagan.
Televizion reportajda diniy rais Oyatulla Xomeneiy Saudiya rahbarlarini “Allohni unutgan va hokimiyatni saqlab qolish haqida qayg’uradigan shaytonvachchalar va siyosiy jodugar shogirdlari” deb atab, "ular dunyoning AQSh va Isroil kabi kibrli davlatlari bilan do’stlashayotgani"ni ta’kidlagan.
Saudiya Arabistonida haj xavfsizligi uchun mas’ul xizmat rahbari general Ahmad Ahmadiy Eron tanqidini asossiz der ekan, muqaddas Makkaga kelgan barcha musulmonlarni himoya qilish uchun kerakli choralar ko’rilishini aytdi.
Eron sobiq prezidenti, hozirda Fransiyada yashovchi Abulhasan Bani Sadr haj atrofidagi so’z urushi 1979-yilgi Eron inqilobidan so’ng boshlangan Eron-Saudiya Arabistoni ziddiyatining bir ko’rinishi xolos, deydi.
“Oyatulla Saudiya Arabistonini haj ziyoratchilariga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda, ammo Eronning o’zi ham mintaqada ko’plab jinoyatlarga qo’l urgan. Aslida ikki davlat regionda ustuvorlikka intiladi, shu bois Iroq, Suriya va Livanda o’lim urug’larini sochmoqda”, - deydi u.
Bani Sadr, shuningdek, ikki taraf o'rtasida targ’ibot urushi avjida der ekan, ayni vaqtda iqtisodiy urush kechayotganini ham, xususan Saudiya Arabistoni Eronni bo’g’ish uchun neft narxini pasaytirishda davom etayotganini aytadi.
Parij universitetidan siyosatshunos olim Hattar Abu Diab fikricha, Eron Yaman, Iroq va Fors ko’rfazi davlatlarida qudratini oshirish orqali Saudiya Arabistoni ta’sirini kamaytirishga intilmoqda.
Hozirda ular urushayotgan taraflarni qo’llab-quvvatlaydi, ammo Tehron va Riyod o’rtasida bevosita urush boshlansa, bu butun dunyo uchun jiddiy salbiy oqibatlarga yetaklaydi, deya ogohlantiradi mutaxassis.