Iroq bo’ylab qonli xurujlar o’nlab odamni hayotdan olib ketdi

Iroq bo’ylab qonli xurujlar o’nlab odamni hayotdan olib ketdi

Iroqning 10 dan ziyod shaharlari bugun qonli zo’ravonliklarga sahna bo’lib, kamida 60 kishi o’lgan.

AQSh qo’shinlari, ma’lumki, yil oxirida mamlakatni butunlay tark etishi kutilyapti. Mahalliy armiya xavfsizlikni qanchalik ta’minlay olishi savol ostida.

Suiqasd xurujlari va portlashlar jumladan poytaxt Bag’dod, shimoldagi Kirkuk hamda janubdagi Kut shaharlarida ro’y berdi. Kutning o’zida 37 kishi o’lgan, 60 dan ziyodi jarohatlangani ma’lum.

Iroq bo’ylab qonli xurujlar o’nlab odamni hayotdan olib ketdi

Najaf shahrida esa mashinaga o’rnatilgan bomba uch odamni, Karbaloda ikki kishini hayotdan olib ketdi.

Iroqning shimoliy hududlarida bir qancha odam, jumladan politsiyachilar halok bo’lgan. Jangarilar Tikrit shahri aksil-terror bo’limini nishonga olgani xabar qilinmoqda.

Bugun, shuningdek, Diyala viloyatining turli qismlarida portlashlar yangrab, 10 kishi jon berdi. Politsiya mamlakat bo’ylab hujumlar puxta rejalanganini aytadi.

AQSh va Iroq hukumatlari o’rtasida avval imzolangan kelishuvga muvofiq, amerikalik zobitlar joriy yilda mamlakatni tark etishi kerak.

Zo’ravonlik sur’ati oshib borar ekan, Iroq rasmiylari jangovar bo’linmalarning bir qismini 2012 yilgacha qoldirish haqida o’ylanib qolgan.