"Islomiy davlat" vahshiyliklari cheksiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat" ko'hna durdonalarni yer bilan yakson qilinmoqda

Radikal islomiy jangarilar sodir etayotgan dahshatli ishlarning cheti ko’rinmaydi. “Islomiy davlat” guruhi o’z mafkurasini yagona to’g’ri yo’l, deb bilar ekan begunoh odamlar, jumaladan, bolalarni omon qoldirmayapti. To’da nodir san’at asarlarini ham yo’q qilmoqda.

“Islomiy davlat” jihodchi guruhi o’tgan payshanba kuni tarqatgan videoda Iroqning Mosul shahridagi qadimiy san’at asarlari buzib tashlanadi. Ayrimlari 2000 yil avval yaratilgan bebaho asarlar.

Besh dadiqalik videoda jangarilardan biri haykallar bir xudoga ishonmagan qadim xalqlarning butlari ekani va shu sababdan yo’q qilinishi kerakligini aytadi. Muhammad payg’ambar bunday diniy siymolarning barini vayron qilishni amr etgan, deydi jangari.

“Islomiy davlat” guruhi shu kungacha Iroq va Suriyada cherkovlar hamda shia va sufiylar uchun muqaddas manzillarni vayronaga aylantirdi.

Ammo moddiy zarardan ko’ra ular inson hayotini bir tiyinga olmayotgani qo’rqinchli. Jangarilar o’z terror harakatlarini ko’z-ko’z qilib, hatto asirlar kallasini kesib, videolar tarqatgan.

AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha maxsus elchisi Deyvid Seperstinning Alhurra telekanaliga aytishicha, jangarilar Iroq va Suriyada azaldan tinch-totuv yashagan diniy jamoalarni yo’q qilmoqda.

“Ular islomni o’zicha, ekstremist ruhda talqin qilib, shuni hammaga o’tkazmoqchi. Boshqalarni haydab chiqarish yoki o’ldirishga tayyor”, - deydi Seperstin.

Guruh harakatlari va mafkurasini ma’qullamayotgan musulmonlar, ayollar va yosh bolalar nishonga olinmoqda.

“Islomiy davlat” to’dasi nazorat qilayotgan ko’p hududlarda ozchilik guruhlarga mansub bolalar ushlanib, bozorlarda narxi yozib qo’yilib, qullikka sotilmoqda”, - deydi BMTning Bolalar huquqlari bo’yicha qo’mitasidan Renat Vinter.

“Islomiy davlat” guruhi o’ljasining ahvoli voy. BMT bunga bag’ishlab hisobot chiqardi.

“Bolalar, ayniqsa, hech narsani tushunmaydigan aqli zaif go’daklarning xudkush bombachi sifatida ishlatilayotgani haqida ma’lumot bor. Internetda bir video tarqatilgan edi. Unda hali sakkizga kirmagan yosh bolalarni askar qilish maqsadida majburlab, mashq qildirilayotgani tasvirlanadi”, - deydi Vinter.

Radikal islomiy targ’ibot dunyo bo’ylab ayrim yosh musulmonlarni yo’ldan ozdirayotgani kuzatiladi. Hukumatlar “Islomiy davlat” egallab olgan hududlarga sayohatlarni taqiqlab qo’ygan. Ko’plar radikallashuvga qarshi kurash bundan-da jadalroq bo’lishi kerak, deydi.