Isroil hujumlarida G’azoda o’nlab odam o’lgan
Isroilning seshanba kuni G’azoga hujumlarida o’nlab falastinlik o’lgan. Isroilning bir zarbasi sektor shimolidagi Jabaliya shahrida joylashgan eng yirik qochqinlar lageriga to’g’ri keldi. Portlash oqibatida yuzaga kelgan yong’inda 10 dan ortiq odam nobud bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Isroil Nuseyrat qochqinlar lagerini, Xon-Yunus va G’azo shaharlaridagi uylarni ham nishonga olgan.
"Bizni hujum haqida ogohlantirishmadi. Uxlayotgan edik”, - deydi hujumda bir qarindoshini yo’qotgan Zarifa ismli ayol.
Isroil Jabaliyani so’nggi 10 kundan beri o’qqa tutmoqda, lagerni o’rab olgan, hududga tanklar safarbar qilgan.
O’tgan bir yilda Isroil hujumlarida sektorda 42 mingdan ziyod odam o’lgan.
BMT: Isroil G’azoda tibbiy xizmatchilarni ataylab nishonga olmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’tkazgan tergov natijasidan ma’lum bo’lishicha, Isroil G’azodagi urushi doirasida sektorning sog’liqni saqlash tizimini ataylab ishdan chiqargan.
Tashkilotning inson huquqlari bo’yicha sobiq oliy komissari Navi Pillay yahudiy mamlakatni G’azoda tibbiy xizmatchilar va muassasalarga tinimsiz va qasddan hujumlarda aybladi.
"Ushbu hujumlardan, sog’liqni saqlash tizimining qulashidan asosan bolalar bevosita va bilvosita jabr ko’rmoqda”, - deydi Pillay.
BMT tergovi asosida tayyorlangan hisobot 30-oktabr kuni Bosh Assambleyaga taqdim etiladi.
Isroil XAMAS jangarilarini uylar, maktablar, kasalxonalar ichidan harakatlanayotganlikda ayblarkan, ularni nishonga olishga majbur ekanini ta’kidlaydi. XAMAS jangchilari, qurollari va boshqaruv shtablarini aholi ichida yashirayotganini inkor etib keladi.
BMT tergovini olib borgan mutaxassislar Isroil falastinlik tibbiy xizmatchilarni ataylab o’ldirayotganlikda va qiynoqqa solayotganlikda, ularning transportini nishonga olayotganlikda, bemorlarga sektorni tark etishga to’sqinlik qilayotganlikda ham ayblayapti.
Pillay misol tariqasida fevral oyida bir oila a’zolari va ularga yordam berish uchun borgan ikki shifokorning Isroil askarlari o’qidan o’lganini keltiradi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, may oyida G’azoning Misr bilan chegarasidagi Rafah punkti yopilganidan beri shoshilinch tibbiy evakuatsiyaga muhtoj 10 mingdan ziyod bemor sektordan chiqishga ojizlik qilgan.
Falastin Sog’liqni saqlash vazirligi so’nggi bir yilda 1000 ga yaqin tibbiy xizmatchi o’ldirilganini ma’lum qiladi. BMT buni tiklanmaydigan yo’qotish va sog’liqni saqlash tizimiga jiddiy zarba deb atadi.
Tergov komissiyasi o’z ishida qurbonlar va guvohlar ko’rsatmalari, ma’lumotlar va sun’iy yo’ldosh orqali olinayotgan tasvirlardan foydalanadi.
Komissiya oldin ham Isroil va XAMASni urush jinoyatlarida ayblagan, Isroil harakatlarini insoniyatga qarshi jinoyatlarga tenglashtirgan.
Isroil komissiyani noxolislikda ayblab, u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Tergovchilar Isroilni ularning ishiga halaqit berayotganlikda, Isroil va G’azoga kirishlariga to’sqinlik qilayotganlikda ayblaydi.
BMT tergovchilari to’plagan dalillar urush jinoyatchilarini sudlash uchun Xalqaro jinoiy sudga uzatilishi mumkin.
Isroil Livan aholisining choragiga uylaridan ketishni buyurgan
Ikki hafta oldin Livanni bombardimon qilishni boshlagan Isroil mamlakat aholisining choragidan ko’piga evakuatsiya qilishni buyurgan. Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi urushidan asosan tinch aholi jabr ko’rmoqda, mamlakat infratuzilmasi vayron bo’lyapti.
Isroil hujumlarida so’nggi bir yilda Livanda 2300 dan ortiq odam o’lgan, 1,2 million aholi uyini tark etgan, Isroil 50 ga yaqin askar yo’qotgan.
14-oktabr kuni Isroilning Livan shimolidagi bir uyga hujumida kamida 22 odam o’lgan bo’lsa, shulardan 12 nafarining ayol, ikkisining bola ekani ma’lum.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti nasroniylar ko’pchilikni tashkil etuvchi Aytu shahridagi bu voqeani tergov qilishga chaqirdi.
Isroil Livanni faol o’qqa tutishni boshlaganidan beri yuz minglab odam mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi.
"Bu mamlakatda yoshlar uchun kelajak yo’q”, - deydi 18 yashar o’g’lini qo’shni Suriyaga kuzatayotgan bir ona.
Amal Ismainning qizi 18 yoshga to’lishi bilan ketishini aytadi.
"Yana 4 yildan keyin akamning ketidan boraman”, - deydi u.
BMTning qochqinlar bilan shug’ullanuvchi idorasiga ko’ra, shu kunga qadar Suriyaga 270 ming livanlik qochgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilning 2006-yilda “Hizbulloh” bilan urushi oqibatida mamlakatni tark etganlar bu qadar ko’p bo’lmaganini ta’kidlaydi.