Isroilda saylovga tayyorgarlik avjida

  • Amerika Ovozi

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu surati chizilgan saylovoldi banneridagi yozuv: "17-mart kuni uning o'rniga boshqani saylaymiz, umidsizlikka chek qo'yamiz".

Isroilda 17-mart kuni parlament saylovlari. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu rahbarligidagi Likud partiyasi markaz-so’l alyans bilan bellashmoqda. Bu esa yangi hukumat tuzishni qiyinlashtiradi.

Isroilda saylov kuni yaqinlashar ekan kampaniya avjida. Poygada qatnashayotgan partiyalar orasida yaqqol lider yo’q. Har biri parlamentdagi 120 o’rindan ko’pi bilan to’rtdan bir qismini qo’lga kirita oladi, demoqda tahlilchilar. Demak, fraksiyalar uyushmalar tashkil etib, koalitsion hukumat tuzishga majbur bo’ladi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu yetakchiligidagi Likud partiyasi so’nggi yillarda siyosiy maydonda faol. Quddusdagi Sionist strategiyalari instituti rahbari Yoaz Xendel bu galgi saylov Netanyaxu uchun katta ahamiyatga egaligini aytadi.

“Saylovchilarning aksariyati Netanyaxu uchun, yoki unga qarshi ovoz beradi,” – deydi u.

Netanyaxuni keskin siyosat tarafdorlari, o’ng qanot partiyalari qo’llab-quvvatlaydi. Ammo bu yetarli emas, deb hisoblaydi Yahudiy universiteti professori Abram Diskin.

“Asosiy savol – o’ng qanot partiyalari birgalikda ko’pchilik o’rinni qo’lga kiritadimi? Bu partiyalarga qaysilari kiradi?”

Mehnat partiyasi rahbari Isaak Gersog asos solgan o’rta-so’l alyans tobora oshib borayotgan narxlar va chuqurlashayotgan iqtisodiy tengsizlik haqidagi bayonotlari bilan saylovchilarga ma’qul keldi. Ammo u ham aksariyat ovozlarni yig’olmaydi. Demak, yangi turdagi hukumat vujudga keladi, deydi tahlilchi.

“Hech biri ko’pchilik o’rinlarni egallay olmasa, milliy birdamlik hukumatini tuzish mumkin. Unga Mehnat, Likud va boshqalar kiradi”.

Hokimiyatdagi muddati tugayotgan hukumat tuzilganidan ikki yil o’tib parchalangan edi. Tahlilchi Xendel keyingi koalitsiya taqdiri ham shunday bo’ladi, degan fikrda.

“Bugungi vaziyat beqarorlikni kuchaytirmoqda. Keyingi hukumat hozirgidan uzoqroq hokimiyatda qolishi ehtimoli kam”, - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, uni kim tuzishidan qat’i nazar yangi hukumat Isroil siyosati tabiatiga ko’ra, murakkab muammolarga duch keladi.