Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi bergan ma’lumotga ko’ra, Isroilning so’nggi bir yilda G’azoda va Livanda olib borgan urushi natijasida kamida 116 ta jurnalist va matbuot xizmatchisi nobud bo’lgan. Shulardan 111 tasi falastinlik, ikkisi isroillik va uch nafari livanlik.
Your browser doesn’t support HTML5
“Urushning birinchi 10 haftasida bir mamlakatda bir yil davomida o’lgan jurnalistlardan ko’p muxbirlar o’ldirildi”, - deydi tashkilot vakili Jodi Ginzberg.
Qo’mita 35 muxbir jarohat olganini, ikkisi bedarak ketganini, 54 nafari hibsga olinganini ma’lum qiladi.
“Jurnalistlar uchun xabar yoritish juda qiyinlashdi ham. Jurnalist sifatida uzoq yillik tajribamdan shuni aytamanki, bu odamlarni qattiq bo’lib qo’ygan mavzu bo’ldi”, - deydi “Assoshieytid Press” axborot agentligining vitse-prezidenti Jon Danishevski.
Tariq Hajjaj Falastin hududlari, Isroil va AQSh siyosatini yorituvchi “Mondovays” (Mondoweiss) onlayn nashri uchun G’azodan muxbirlik qiladi.
“Har gal Isroil dronlari yoki harbiy samolyotlari uchganida har daqiqa hujumga uchrashim mumkin deya his qilaman, chunki bilamanki, ular muxbirlarni nishonga olishadi, G’azo xalqi haqiqatni bilishini istashmaydi”, - deydi u.
Isroil hukumati jurnalistlarni ataylab nishonga olishi haqidagi da’volarni inkor etib keladi. Biroq Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, Isroil mudofaa kuchlari jurnalistlar orasidagi katta talafotlar uchun javob berishi kerak.
“G’azoga xorijiy jurnalistlar kiritilmagan, sektordan faqat mahalliy muxbirlar xabar beradi. G’azoda bo’layotgan urush oqibatlari haqida ma’lumot uzatish faqat ularning zimmasida”, - deydi Ginzberg.
Jurnalistlar nafaqat o’ldirilmoqda va yaralanmoqda.
“Jismoniy xavfdan tashqari jurnalistlarni onlayn ta’qib qilishadi, qo’rqitishadi”, - deydi Danishevski.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti jurnalistlarga hujumlarni qoralab keladi, matbuot xizmatchisi ekani oydin bo’lsa-da, ular nishonga olinayotgani haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini ta’kidlaydi.