Blinken bir oyda uchinchi bor Isroilga bordi. Isroil-XAMAS mojarosining 28-kuni

  • Amerika Ovozi

Isroil G’azo Sektoridagi G’azo shahrini qurshab olgani haqida ma’lum qildi, XAMAS jangchilariga quruqlikda, suvda va havoda zarbalar berilayotganini bildirmoqda. XAMAS qattiq qarshilik ko’rsatmoqda, Isroil tanklari va askarlarini nishonga olmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-noyabr, 2023-yil

Isroilga so’nggi kunlarda uchinchi bor borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. AQSh rasmiysi Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli ekanini yana bir bor ta’kidlagan holda Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish uchun ikki mustaqil davlat yechimini amalga oshirish kerakligini aytdi.

"Falastinliklar o’z mamlakatida yashash kabi haqli huquqiga erishsagina Isroil xavfsizligi kafolatlanadi. Bu zo’ravonlikka barham berishning yagona yo’li va buni kecha emas, urushdan keyin emas, bugun amalga oshirish kerak”, - dedi Blinken.

AQSh davlat kotibi garovdagilarni ozod etish, Amerika fuqarolarini evakuatsiya qilish muhimligiga ham urg’u berdi.

“Amerikaliklarni hududdan chiqarish uchun har ikki tarafni vaqtincha tanaffus e’lon qilishga da’vat etyapmiz. Lekin bu bilan umumiy otashkesinga chaqirayotganimiz yo’q”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

G’azoda tinch aholi orasida talafot oshgani hamda oziq-ovqat, suv, dori va yoqilg’i tugab borayotgani sari xalqaro hamjamiyat tomonidan otashkesinga da’vatlar qattiqroq yangramoqda. Biroq Isroil bunga ko’nmayapti, XAMASni tag-tugi bilan qo’porib tashlash rejasida qat’iy.

Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil XAMAS garovda ushlab turgan barcha odamlarni ozod etishi va o’ldirilgan isroillik askarlar jasadlarini Isroilga qaytarishi evaziga XAMAS rahbariyatiga G’azoni tark etishga imkon berish rejasi ustida ishlamoqda. Isroil rasmiylari bunday tashabbusni XAMAS propagandasi deb atamoqda.

Blinken shanba kuni Ammonda ham bo’lib, Isroilni harbiy jinoyatlarda ayblagan Iordaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashadi. Salkam 3000 amerikalik askarni qabul qilgan ushbu arab davlati elchisini Isroildan chaqirib olgan.

BMT: Falastinliklar ehtiyojlari uchun 1,2 milliard dollar kerak

BMTning Gumanitar yordamni muvofiqlashtirish idorasi bergan ma’lumotga ko’ra, G’azo Sektorida yordamga muhtoj 2,7 million, G’arbiy Sohilda esa 500 ming odam ehtiyojlarini yil oxirigacha qoplashga 1,2 milliard dollar kerak bo’ladi.

Yaqin bir necha kundan beri G’azoga gumanitar yordam cheklangan ravishda kiritilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti XAMAS nazoratida bo’lmagan G’arbiy Sohilda ham falastinliklarga qarshi zo’ravonliklar kuchayayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Bu o’rtada Isroil hukumati mamlakatda va istilodagi G’arbiy Sohilda ishlagan minglab g’azolik ishchilarni sektorga chiqarib yubordi.

"Isroilliklarga xizmat qildik, arzimagan maoshga pol yuvdik, qurilishda, restoran va supermarketlarda ishladik. Bizni kamsitishdi, qattiq kamsitishdi. Hatto qariyalarimizni”, - deydi Jamol Ismoil ismli g’azoliklardan biri.

Isroil 18 mingdan ortiq g’azolikka Isroilda ishashga ruxsat bergan edi, biroq 7-oktabr hujumidan so’ng ish hujjatlarini bekor qilmoqda.

G'azodan cheklangan evakuatsiya davom etmoqda

Xorijliklar va ikki fuqaroligi bor falastinliklar G’azodan Misrga chiqib ketmoqda.

"Ortda qolayotgan ota-onamdan xavotirdaman. Lekin oilam, farzandlarimning yoniga qaytmasam bo’lmaydi”, - deydi amerikalik farzandning falastinlik otasi Himam Yaziji.

Falastin chegara xizmatiga ko’ra, payshanba kuni Rafah chegara punktidan Misr tomon 400 xorijlik o’tishi kerak edi. Bundan bir kun oldin 320 odam evakuatsiya qilingan. O’nlab og’ir yarador falastinliklarga ham G’azoni tark etishga ruxsat berilgan.

G’azodan chiqganlar orasida Shotlandiya birinchi vaziri Hamza Yusufning qaynonasi va qaynotasi ham bor. Elizabet Naqla yaqinda G’azodan vidolashuv videosini tarqatgan edi.

Falastinga xayrixoh namoyishlar

Bugun musulmon dunyosida yana namoyishlar. Juma namozidan so’ng ko’p mamlakatlarda odamlar ko’chaga chiqib, Falastinga xayrixohligini bildirdi. Iordaniya, G’arbiy Sohil, Isroilga urush e’lon qilgan Yaman va boshqa mamlakatlarda ko’p ming sonli namoyishlar kuzatildi.

Gana davlatida esa poytaxt Akkradagi namoyishda Afrikada ozodlik harakatining ko’zga ko’ringan kurashchisi, Gana birinchi prezidenti Kvame Nkrumaning qizi Samiya ham namoyishchilar orasida ko’ringan.

“Zo’ravonliklarga chek qo’yish kerak. Chetda turib, ayollar va bolalar, begunoh insonlarning qirilishiga jim qarab turolmaymiz. Qurbonlarning kimligi, qaysi din va irqga mansubligi muhim emas”, - dedi u.

Turkiyada esa yuzlab avtomobil Istanbul shahridan Adana viloyatiga yo’l oldi. Manzil - AQShning Injirlikdagi harbiy-havo bazasi. Namoyishchilar hukumatdan bazani yopishni talab qilmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yakshanba kuni Turkiyaga borishi mumkin, biroq Davlat departamenti buni hozircha tasdiqlamagan.

Turkiya g’azoliklar uchun Misrga 200 tonnadan ortiq gumanitar yuk yuborgan.

"Hizbulloh" yetakchisining ilk murojaati

Livanning “Hizbulloh” shia harakatining rahbari Hasan Nasrulloh bugun urush boshlanganidan beri ilk bor ma’ruza qildi. Guruh Isroilga qarshi urushga qo’shilishiga ishora qilgan, biroq hozircha Isroil bilan cheklangan o’q almashinuvlari kuzatilmoqda.

"G’azoda davom etayotgan qotilliklar, qatliomlar, vahshiyliklarga bevosita Amerika va uning ikkiyuzlamachiligi mas’ul. Eng birinchi kundan Bayden Isroilga xalqaro qonunlarni hurmat qilishni, tinch aholini ayashni maslahat berganini aytadi. Ammo bularning barchasi quruq gap, munofiqlikning o’zginasi”, - dedi Nasrulloh.

Isroil G’azoni nishonga olishda to’xtamasa, “Hizbulloh” unga qarshi keng qamrovli hujum boshlashi haqida bildirgan. Biroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, AQShda harakat katta kuch bilan hujum boshlashga tayyorligiga hozircha dalil yo’q.

Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi “Hizbulloh”ni havo mudofaasi tizimlari bilan ta’minlamoqchi.

Kreml “Wall Street Journal” gazetasidagi ushbu xabarni asossiz deb atadi.

"Rossiya va AQSh harbiylari o’rtasida favqulodda aloqa kanali mavjud. Agar amerikaliklarni biror narsa xavotirga solayotgan bo’lsa, xavotirlarini harbiylarimizga bildirishlari mumkin”, - dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Gazetadagi maqolada aytilishicha, “Vagner” Suriya orqali “Hizbulloh”ga samolyot va raketalarni urib tushirishga moslangan “Pansir-S1” tizimini uzatmoqchi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugungi chiqishida Ukrainani korrupsiyada ayblab, G’arb davlatlarining unga berilayotgan qurollari Yaqin Sharq va Tolibonga sotilayotganini aytdi.

“Interpol” rahbari Yurgen Stok o’tgan yil iyunida shu haqda so’zlab, Ukrainaga uzatilayotgan ayrim ilg’or qurollar uyushgan jinoiy guruhlar qo’liga tushayotganiga ishora qilgan edi.

Putin, shuningdek, yaqinda Dog’istonda ro’y bergan yahudiylarga qarshi tartibsizliklar ortida G’arb turganini da’vo qilib, “yahudiylarni Isroilda qo’llab-quvvatlayotganini aytayotgan G’arb Rossiyada antisemit pogromlarni uyushtirishga harakat qilayotganini aytdi.

Vashington Moskvaning ushbu da’vosini inkor etgan.

Netanyaxu XAMASni iste’foga chiqaradimi yoki XAMAS Netanyaxuni?

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMASga qarshi urush olib borar ekan, Isroilda ayrimlar uni 7-oktabr hujumiga yo’l berganlikda ayblab iste’foga chaqirmoqda. Mudofaa vaziri, xavfsizlik xizmati rahbari, hukumatga kirmagan sobiq mudofaa vaziri Benni Gansni ham ishdan olishga da’vatlar yangramoqda.

“Netanyaxu 7-oktabr voqealari uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga olmay kelmaytotgani fojiadir, Isroil uchun fojia. Axir haqiqiy rahbarlar ana shunday paytlarda sinaladi, unga esa mas’uliyatni o’z bo’yniga olishdek oddiy sinov berildi”, - deydi Quddusdagi Shalom Xartmen institutidan tahlilchi Amots Asael.

Isroilda o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, aholining 80 foizi bosh vazir bo’lgan voqealar uchun aybni o’z bo’yniga olishi kerak degan fikrda. Boshqa bir so’rovda qatnashganlarning 28 foizigina Netanyaxuni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Bosh vazir iste’foga chiqishni o’ylayotgani ham yo’q. Netanyaxu korrupsiyada ayblanib, bir necha ish bo’yicha sud qilinayotganiga qaramay hokimiyat tepasida turibdi.

“Iste’foga chiqadigan yagona taraf bu – XAMAS. Uni tarix axlat qutisiga iste’foga chiqaramiz. Shu mening maqsadim va mas’uliyatim. Mamlakatga bu ishda boshman”, - dedi u.

Netanyaxuning tarafdorlari va partiyadoshlari undan yuz o’girmoqchi emas.

“Davlat xizmatida kundalik hayotimizda tanqidlarga uchrab turamiz. Bu kabi katta, mislsiz ofatdan so’ng tanqidlar yog’ilishini tushunsa bo’ladi. Hozir urush bilan shug’ullanish kerak.

Unda g’alaba qozonish kerak. Bosh vazirga urush yakunlariga qarab baho beriladi”, - deydi “Likud” partiyasidan parlament deputati Boaz Bismut.

Biroq urush qancha davom etishi va qanday tugashi hozircha ma’lum emas. Ayrimlar XAMAS bilan olishuv oylab vaqt olishini taxmin qilmoqda.