Isroil hujumlarida G’azoda 100 dan ziyod odam o’lgan

  • Amerika Ovozi

Isroil hujumlarida o'lgan falastinliklar G'azo Sektorining Dayral Balah shahridagi qabristonga qo'yilmoqda, 25-dekabr, 2023-yil

Tunda Isroil aviahujumlarida G’azoda 100 dan ortiq odam o’lgan. Bu mojaro boshlanganidan beri eng qonli voqealardan biri ekani aytilmoqda.
Falastin rasmiylari Isroil tanklardan va samolyotlardan ham G’azo markazini nishonga olganini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 25-dekabr, 2023-yil

Xususan Mag’azi qochqinlar lagerida kamida 70 kishi yo’q qilingan. Qurbonlarning aksariyati bolalar va ayollar.

Falastinning Qizil Yarim Oy jamiyati ko’plab yaradorlarning kasalxonalarga yetkazilayotgani tasvirlangan videoni chop etgan. Jamiyatning bildirishicha, Isroil samolyotlari asosiy yo’llarga bomba tashlab, tez yordam mashinalarining yurishiga halaqit bermoqda.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, 7-oktabrdan beri sektorda 20 mingdan ko’p odam o’lgan, yaradorlar 54 mingdan oshgan.

Bundan bir kun oldin Isroil G’azo shimolida hamda Xon-Yunus tevaragida ham shiddatli amaliyotlar olib borgan, XAMAS infratuzilmasini nishonga olganini bildirdi.

Nasroniy dunyosi Rojdestvoni nishonlab bayram qilayotgan bir paytda G’azoning ko’plab joylarida motam, maraka.

“Butun dunyo Rojdestvoni nishonlayapti, ammo Iso payg’ambar tug’ilgan Baytlahm emas. Baytlahmda Rojdestvo g’am va qayg’u bilan nishonlanmoqda”, - deydi Falastin Sayyohlik vazirasi Rula Maaya.

G’azoliklar bilan hamdard mahalliy nasroniylar Baytlahm cherkovlarida bu yili tikanli sim ortida va vayronalar orasida turgan Iso Masih kompozitsiyasini namoyish etmoqda. Yil boshidan sentabr oyigacha shaharni 2,3 million sayyoh ziyorat qilgan bo’lsa, shundan beri Baytlahmda birorta sayyoh ko’rinmadi.

Yakshanba kuni AQSh va Isroil rahbarlari telefonda gaplashgan, suhbat tafsilotlari ma’lum emas.

Ayrim kuzatuvchilar G’azo mojarosining mintaqaga yoyilish xavfidan xavotirda

“Biz 7-oktabrdan keyin o’zini himoya qilayotgan Isroilga XAMASni yo’q qilishga yordam beryapmiz. Dunyodagi jihodchi guruhlar esa a’zolarini Isroilga yordam berayotgan Amerikaga hujum qilishga chaqirmoqda”, - deydi AQShning respublikachi senatori Lindsi Grem.

Rasmiylar Isroilga yordam Amerika hududida xurujlarga sabab bo’lishi mumkin deya tashvishlanmoqda.

“Hozirgi mojaro tahdid muhitini kuchaytirmoqda. Bundan terrorchi tashkilotlar foydalanib, tarafdorlarini harakatga tushishga da’vat etyapti. Ba’zi oddiy odamlar va kichik guruhlar xorijdagi mojarolarning noto’g’ri talqinidan, 7-oktabrdagi vahshiy terror xurujlaridan keyingi etni jimirlatadigan tasvirlardan ilhomlanishidan xavotirdamiz”, - deydi AQSh adliya vazirining o’rinbosari Liza Monako.

XAMAS Isroilga qattiq qarshilik ko’rsatmoqda. Mojaro boshidan beri 155 ta yahudiy askar o’ldirilgan. Kecha Xayfa shahrida ulardan biri dafn etildi.

Falastinga xayrixohlik bildirib, Isroil tomon yo’l olayotgan kemalarni nishonga olayotgan yamanlik xusiylar AQSh va ittifoqchilaridan kemalarini Qizil dengizdan olib chiqishni talab qilarkan, yakshanba kuni ularga yana bir ogohlantirish berdi, kemalarning kuli ko’kka sovurilishini bildirdi.

AQSh xusiylar hujumlarining oldini olish va Qizil dengizni patrul qilish uchun bir necha mamlakatga uning yetakchiligidagi koalitsiyaga qo’shilishni taklif etgan.

Biroq matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Avstraliya, Fransiya, Italiya va Ispaniya AQSh iltimosini inkor etgan - kimdir Qizil dengizga kema yubormaydigan bo’ldi, kimdir esa kemasini AQSh qo’mondonligi boshqaruviga topshirishdan bosh tortdi.