Isroil-Falastin mojarosi yanada chigallashgan, Vashingtonda uchrashuvlar

  • Amerika Ovozi

Isroil askarlari Suriya bilan chegarada hujumga shay holda turibdi

AQSh hukumati Isroil armiyasi va falastinlik namoyishchilar o’rtasida yakshanba kuni ro’y bergan va o’nlab falastinlik halok bo’lgan hodisani qoralamoqda.

Oq uy Suriya hukumatini G’olan tepaliklarida norozilik kayfiyatini qo’zg’atganlikda ham ayblamoqda.

1948 yilda Isroil davlati barpo etilganda yuz minglab falastinlik majburan ko'chirilgan.

Arablar o’sha voqeani milliy fojia - “naqba” deb atab, har yili katta namoyishlar o'tkazadi.

1967 yilgi Isroil-Suriya urushi natijasida Isroil ishg’ol qilgan G’olan tepaliklarida ham ommaviy chiqishlar kuzatilgan.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, Suriya hukumati bu namoyishlarni uyushtirib, xalqaro hamjamiyat diqqatini mamlakatdagi qo'zg'olonlardan chalg’itishga urinmoqda.

Davlat departamenti nazarida ham Suriya ichki g'alayonlarni kuch bilan tinchitib, haqiqatni yashirish harakatida.

AQSh Tinchlik Institutida Yaqin Sharq masalalari bo’yicha mutaxassis Skot Lazenski fikricha, Suriya Falastin-Isroil kelishmovchiligidan foydalanayotgani aniq, ammo bu masala ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

"Falastin masalasi nihoyat muhim, uzoq vaqtdan beri yechilmay turibdi. Arab-Isroil mojarosi zaminida shu muammo yotadi", - deydi mutaxassis.

To’qnashuvlar Isroil va Falastin o’rtasida vositachi AQSh uchun muammo ekani sir emas.

Prezident Barak Obama yaqin kunlarda Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatiga aniqlik kiritishi kutilmoqda.

Bu orada Iordaniya qiroli Abdulla Vashingtonga safar qilib, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashgan.

Iordaniya Isroil bilan aloqa qiladi va bu borada AQSh tashabbuslarini yoqlab keladi.

Qirol Abdulla Oq uyda prezident Obama bilan muloqot qilganida ham gap asosan Falastin haqida ketgan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham yaqin kunlarda Vashingtonga tashrif buyuradi.

Netanyaxu "Falastin bilan tinchlik tarafdorimiz" deydi, ammo avvalo ular Isroil davlatini tan olish zarur. Shuningdek, Quddus shahri butunlay Isroilniki bo'ladi va bo’lajak Falastin davlati qurolli kuchlarga ega bo'lmasligi kerak.

Isroil G’azo sektorini boshqarayotgan XAMASni terror guruhi deb keladi. Yaqinda bu partiya FATH bilan murosaga erishdi va endilikda falastinliklar mana shu ikki guruh atrofida birlashgan.

Netanyaxu Vashingtonga kelganida, Falastin ma’muriyati a'zolari ham AQShda bo'lishi kutilmoqda.

Falastin vakili Nabil Shahatning aytishicha, Isroil XAMAS va FATH yarashganini tan olib, tinchlik muzokaralariga ko’nishi kerak.

Shu yilning sentabr oyida Falastin BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilib, mustaqilligini tan olishni so’rashi kutilmoqda.