Isroil Jahon sudida Janubiy Afrikaning unga qarshi qatliom da’vosini asossiz va yolg’on derkan, suddan ishni yopishni so’ramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Agar qatliomga doir harakatlar o’rin olgan bo’lsa, qatliom Isroilga qarshi qaratilgan”, - deydi Isroilni sudda himoya qilgan huquqshunos Tal Beker.
Beker Isroil Tashqi ishlar vazirligining yuridik masalalar bo’yicha maslahatchisi, Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Marokash va Sudan bilan diplomatik aloqalarni o’rnatishga qaratilgan muzokaralarda qatnashgan.
Janubiy Afrika Isroilning G’azodagi harbiy harakatlarini falastinliklarga qarshi qatliomga tenglashtirdi. Beker Isroil o’zini terrorchilar hujumidan himoya qilayotganini, garovga olingan odamlarni ozod qilishga urinayotganini aytadi, Isroilning urushi Falastin xalqiga emas, XAMASga qarshi qaratilganini ta’kidlaydi.
Janubiy Afrika Adliya vaziri Roland Lamolaga ko’ra, o’zini himoya qilish qatliom orqali amalga oshirilmasligi kerak.
"Qatliomni hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi”, - dedi u.
Da’voda suddan Isroilga G’azoda harbiy harakatlarini to’xtatish talabi bitilgan favqulodda choralar ko’rish so’ralgan. Hukm oy oxirigacha chiqarilishi kutilmoqda.
AQSh bu masalada ham Isroilning yonini olmoqda.
“Biz bu haqda bir necha bor fikr bildirganmiz va bizning nazarimizda, Isroilga qarshi ushbu da’volarga, uni qatliomda ayblashga asos yo’q. Qatliom osonlikcha ishlatilishi kerak bo’lgan so’z emas”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Janubiy Afrika ko’pdan beri Falastinni qo’llab-quvvatlab keladi. Janubiy Afrikada irqchilikka qarshi kurashib nom va obro’ qozongan marhum prezident Nelson Mandela “bizning erkinligimiz falastinliklarning erkinligisiz to’liq emas” deb aytgan.
Tobora ko’p mamlakatlar Isroilning G’azodagi urushini qoralamoqda. Vashingtonlik tahlilchi Maykl Volsh BMT sudi Isroilga qarshi hukm chiqarsa, buning diplomatik oqibatlari qanday bo’lishini tushuntiradi.
“Shunda Isroilni qo’llab-quvvatlayotgan, unga qurol berayotgan, razvedka ma’lumotlari ulashayotgan va turli xil boshqa ko’mak uzatayotgan mamlakatlar ham aybdordek bo’lib qoladi. Bu AQShning ko’p mamlakatlar bilan aloqalariga ta’sir qiladi, nafaqat qisqa muddatda, balki uzoq muddatda ham. Bu, shuningdek, AQShning dunyoda inson huquqlari uchun kurashdagi liderligiga pand beradi”, - deydi Tashqi siyosatni o’rganish instituti eksperti.