Payshanba kuni Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Xalqaro adliya sudida Isroilni G’azoda qatliomda ayblayotgan Janubiy Afrika da’vosi ko’rila boshladi.
Sudda Isroil pozitsiyasini himoya qiluvchi advokatlar ham bor. Isroil rahbarlari Janubiy Afrika da’vosining asossiz ekanini aytarkan, mamlakatga hujum qilgan terrorchilarga qarshi harbiy harakatlar olib borayotganini ta’kidlaydi.
Janubiy Afrika Jahon sudi ham deb ataluvchi idoradan Isroildan G’azodagi harbiy amaliyotini to’xtatishni talab qilishni so’ramoqda.
Janubiy Afrika yuqori sudida advokat Odila Hassim Isroilning G’azodagi harakatlarini qatliomga tenglashtirdi.
So’nggi uch oyda Isroil hujumlaridan 23 mingdan ziyod falastinlik, ko’plab bolalar va ayollar o’lgan. Janubiy Afrika Adliya vaziri Ronald Lamolaga ko’ra, uning mamlakati XAMASning 7-oktabrdagi hujumlarini qoralagan, biroq bunday hujumlar va jinoyatlar Isroilning Qatliom haqidagi xalqaro konvensiyani buzishiga asos bo’la olmaydi.
Isroil rasmiy Pretoriyani XAMASni himoya qilayotganlikda aybladi.
Janubiy Afrikaning sudda dalil keltirayotgan huquqshunoslarining aytishicha, jahon hamjamiyati Ruandada, Bosniyada, Myanmada, endi esa Falastinda tinch aholini qirg’indan himoya qilishga ojizlik qildi.
Janubiy afrikalik huquqshunoslar jamoasiga irlandiyalik va britaniyalik mutaxassislar ham qo’shilgan.
Xalqaro adliya sudi binosining tashqarisida bugun Isroil va Falastinga xayrixoh odamlar to’planib, qarama-qarshi namoyish o’tkazdi.
“XAMAS har kuni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etayotgan bir paytda Isroilni qatliomda asossiz ayblashyapti. Hech kim XAMAS garovga olgan odamlar haqida gapirmayapti”, - deydi garovga olingan isroilliklardan birining birodari Maykl Levi.
"Salkam 100 kundan beri G’azoda tinch aholi tinmay va tartibsiz hujumga uchramoqda. Sudyalar qonun asosida hukm chiqaradi, G’azoda tinch aholiga qarshi qatliomni o’z nomi bilan atashadi degan umiddaman”, - deydi Falastinga xayrixoh bir namoyishchi.
Kuzatuvchilar mahkama ishi bir necha yilga cho’zilishini bashorat qilmoqda. Jahon sudining hukmlari yakuniy, ammo ularni ijroga keltirish mexanizmi mavjud emas.